O'zbekistonda porasiz ish bitmaydi

Dunyo bo’ylab poraxo’rlikni kuzatuvchi Transparency International tashkiloti ro’yxatida O`zbekiston eng yulg’ich o’ntalikka kirgan. Mahalliy faollar nazarida korrupsiya boshida har doimgidek hukumatning o’zi turibdi.

Ro’yxat korrupsiya ehtimoli juda kichik bo’lgan Yangi Zelandiya bilan boshlanadi. O’zbekiston korrupsiya darajasi eng yuqori bo’lgan so’nggi o’ntalikda - 174 o’rinda.

“Avtoritar rejimlarda, diktaturada hamisha korrupsiya darajasi yuqori bo`ladi. Erkin matbuot yo`q, korrupsiya ustidan shikoyat qilmoqchi bo`lgan odam, boshqa bir poraxo`rni oldiga boradi”, - deydi mahalliy faollardan biri Hayitboy Abdullayev.

O`zbekistonliklar korrupsiya va poraxo’rlikni turmushdagi oddiy ko`rinishlardan biri sifatida e`tirof etishadi. Mahalliy faollar so’zlariga ko’ra, korrupsiya maktablarda ham kuzatiladi.

“Faqat pul so’raydi, ayrim ota-onalar topib berolmaydi, albatta bolalarni o`qishiga ta`sir qiladi, maktabga bormaymiz pul bermasang deydi. Maktabga borsa o`qituvchisi urushadi, nega pul olib kelmading deb. Hamma ikir-chikirga pul so`raydi. O`qishga qiziqish qoladimi keyin?” - deydi fuqarolardan biri.

O`quvchilarning chorak baholarini a`loga chiqarish uchun pora olinayotgani millat ildiziga urilayotgan boltaga qiyoslanadi. Mulohazalarga ko`ra, bir tomondan muallimga farzandlar tarbiyasi yuklatilgan, ikkinchi tomondan esa millatning nochor qatlamiga aylanayotgan o`qituvchilardan fidoiylik talab qilishning o`zi noo`rin.

“Bechora o`qituvchilarni qo`llab-quvvatlab, hech bo`lmaganda militsiya sifatida ko`rib, shu darajada to`lasin. Oqituvchi ulardan kam mehnat qilmaydi, militsiya 700-800 ming nafaqa olganda, o`qituvchi 40-50 yil ishlab 200 ming pensiya oladi. Pensiyaga chiqqandan keyin esa xor. Bu yerda iqtisodiy buzilish bo`lgan, boshqa joylarda o`qituvchilar politsiyaga nisbatan 50 foiz ko`p oladi. Xalq agar bilimsiz bo`lsa, foydasi yo`q”, - deydi Hayitboy Abdullayev.

Yaqinda bir necha tuman hokimlari ishdan olindi. Ma`lumotlarga ko`ra, ularning ayrimlari iqtisodiy jinoyatlarda, mansab vakolatini suiiste`mol qilishda ayblanmoqda.

O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning davlat maslahatchilari, vazirlik, viloyat, tuman hokimligi darajasida ishlagan amaldorlarning korrupsiyaga aloqladorlikda ayblanib, sud qilinishi jamoatchilik uchun yangilik emas.

Jurnalistlardan biriga ko`ra, O’zbekistonda biror amaldorning korrupsiyaga aralashgani emas, aralashmagani yangilik bo`lishi mumkin.

“O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashadigan harakat yo`q. To`g`ri, organlarda korrupsiyaga qarshi kurash bo`limlari bor, ular bilishi kerak, kimlar pora olayotganini. Lekin ular hech kimga ma’lumot taqdim etmaydi, buni yashiradi”, - deydi jurnalist.

Korrupsiya boshida hokimyatning o`zi turgan bir paytda unga qarshi kurash samarasiz hisoblanadi.

“Mamlakatni hamma joylari sotiladigan bo`lib qolgan, shuncha bersang, falon joyga ishga o`tasan deydi. Pulga sotib olgandan keyin, u ham shu pulni chiqarishi kerak bo`ladi. Hokimlarni ham tez-tez almashtirib turamiz, hammasiga korrupsiya sabab. Bu juda yomon virus. Sabr-kosasi qachondir to`ladi, hozir odamlar buni hammasi tepaga borib taqaladi deb o`ylashayapti. Baliq boshidan sasiydi degan gap bor”, - deydi Hayitboy Abdullayev.

Xalqaro tashkilot xulosasiga ko`ra, O`zbekiston korrupsiya miqyosi bo`yicha Afg`oniston, Sudan, Chad kabi mamlakatlar qatorida turadi.