Urushdan qaytayotgan amerikalik askarlar tinchlikdan umidvor


AQSh Davlat Gvardiyasi bu davlat qurolli kuchlarining eng qadimiy qismi. Uning tuzilganiga 370 yildan oshdi.

Gvardiya mustamlakachilarni tub aholi – hindu qabilalar hujumidan himoya qilish uchun tashkil etilgan. Amerika davlat sifatida vujudga kelgach, u mudofaa tizimiga qo’shilgan.

Afg’oniston va Iroqda xizmat qilayotgan askarlarning ko’pi - gvardiyachilar. Har bir shtat o’z gvardiyasiga ega va AQSh Afg’onistonda qo’shinlar sonini oshirar ekan, ular safi ham qisqarib bormoqda.

“Amerika Ovozi” yaqinda Illinoys shtatida bo’lib, gvardiyachilar bilan gaplashdi.

Urush asoratlarini yashirish qiyin. Chikago yaqinidagi harbiy qismda azadorlar ancha desak xato bo’lmaydi.

Serjant Kristina Kelli ulardan biri. Uning safdoshi, dugonasi serjant Simona Robinson shu yili Afg’onistonda portlashda halok bo’lgan. Bu qonli urush, dushman shafqatsiz, deydi harbiy.

“Dugonam mashinasiga yonilg’i quyayotganida bir kishi uning oldiga kelib o’zini portlatgan. Yonilg’i tanker, harbiy avtomobil, atrofdagi odamlar – hamma portlagan. Hammayoq qon. Simona qattiq jarohat olgan”,- deydi serjant.

Simona Robinson ikki oy gospitalda azob chekdi. Doktorlar qanchalik urinmasin, serjantni asrab qololmadi. Yaqinda vatanga qaytgan illinoyslik gvardiyachilar 18 safdoshini afg’on zaminida boy berdi. Simona Robinson yoshgina ona edi. Ikki yoshli qizi yetim qoldi.

“Simona universitetda o’qirdi. Ona, talaba, harbiy… Hammasini eplayotgan edi”,- deydi serjant Kelli.

Hukumat Afg’onistondagi urushga yanada ko’proq askar safarbar etar ekan, xizmatga ketayotganlar uchun vatanga tirik qaytmaslik - achchiq bir haqiqat. Urush bu urush, deydi ular.

Ayrim gvardiyachilar afg’on armiyasini tayyorlash bilan shug’ullanadi. Serjant Erik Lamont Dreykes, masalan, harbiy vositalarni qanday ishlatishni o’rgatadi. Xavfsizlik sohasini egallagan mutaxassislardan biri.

“Afg’on xalqini juda hurmat qilaman”, deydi u.

“Afg’on askarlari bilan kelishib ishlaymiz. Ular bilimga chanqoq, zehnli yigitlar. Qani ko’rsat, o’rgat deyishadi. Mashg’ulotlarda biz ham ulardan ko’p narsani o’rganamiz. Afg’onlarga yordam berishimiz kerak. Ular o’zini eplab ketishiga ishonaman”.

Ofitser Xau Ling harbiy bo’lish uning azaliy orzusi bo’lganini aytadi.

"Lekin oiladan uzoqda, notinch o’lkalarda xizmat qilish eng mard odamga ham og’ir tusharkan", deydi u.

“Yaqinlarimni rosa sog’indim. Urushga birinchi borganimda dahshatga tushdim. Hayotning har bir lahzasi g’animat. Ertaga nima bo’ladi, noma’lum. Tavakkaldan boshqa iloj yo’q”.

Xau Ling Illinoys gvardiyasining faxriy a’zolaridan biri. Gong-Kongda tug’ilgan. Amerikaga go’dakligida, Vyetnam urushidan keyin kelgan. Afg’onistondan oldin hech qayerga bormagan edi. Urush ko’zimni ochdi.

"Vazifa qanchalik og’ir ekanini tushundim",- deydi u.

“Afg’onistonga qaytib borsam ajabmas. Hozircha biror yo’llanma yo’q, lekin ertaga kelib qolishi mumkin”.

Amerika Afg’onistondagi qo’shinlarni 2011 yilning yozidan boshlab asta olib chiqishni rejalamoqda. Barak Obama u yerda uzoq qolish uchun na mablag’, na istak bor deydi.

Kristina Kelli kabi zobitlar Illinoysning chekka joylaridagi harbiy qismlarda ishni davom ettirmoqda. Vatan xizmatga chaqirsa, yo’q demaydi. Shunga qasam ichgan.

“Mana shu formani kiydimmi, demak xizmatga shayman”,- deydi u.