Qo’shma Shtatlar Senatida sog’liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilib, 30 million amerikalikni tibbiy sug’urta bilan ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ovozdan o’tgan.
Kongressda ko’pchilikni tashkil etgan demokratlar va tibbiy islohotni ustivor vazifa deb belgilagan Obama ma’muriyati uchun bu g’alaba deya baholanmoqda.
Loyihani o’ta qimmat va xususiy sektorga aralashuv deb baholayotgan muxolifat - respublikachilar unga qarshi ovoz bergan. Tizimga kiritilayotgan o’zgartirishlar kelasi 10 yilda 871 milliard dollarga tushadi.
Sal oldin o’xshash loyiha Vakillar Palatasida ham ma’qullangan edi. Endi tomonlar bir to’xtamga kelib, hujjatni prezidentga taqdim etadi.
Obama ma’muriyati rasmiylarining aytishicha, islohot natijasida amerikaliklarning 95 foizini tibbiy sug’urta bilan ta’minlash, yildan-yilga oshib, byudjetga og’ir tushayotgan xarajatlarni qirqish, qog’ozbozlikni kamaytirib sifatni oshirish ko’zlangan.
Yangi qonunga ko’ra, sug’urta kompaniyalari mijozlarni kasalligi sabab rad etishi mumkin emas. Ularning daromadi va ma’muriy xarajatlariga ham cheklovlar qo’yiladi.