Gaiti poytaxti Port-o-Prinsni vayronaga aylantirgan zilzila 200 ming odamning yostig’ini quritgani taxmin qilinmoqda.
Orol davlati rasmiylarining aytishicha, hozirgacha 40 ming kishining jasadi to’plab olinib, poytaxt atrofidagi ommaviy qabrlarga dafn etilgan.
Yana minglab odam vayronalar ostida qolmoqda. Port-o-Prins shahrini butkul qayta qurish kerak bo’ladi, deydi rasmiylar.
Hisoblarga ko’ra, tabiiy ofatdan boshpanasiz qolganlar soni 300 mingdan oshiq. Mana beshinchi kundirki, ko’chada tunamoqda.
Xorijiy davlatlardan oziq-ovqat, suv, dori-darmon va palatkalar ortilgan samolyot va kemalar yog’ilib kelishiga qaramay, minglab tonna yukni tushirib, aholiga tarqatish jiddiy qiyinchilik tug’dirayotgani, yo’llar yopiqligi hamda resurslar cheklangani bois jabrdiydalarga yordam yetib bormayotgani xabar qilinmoqda. BMT ta’rificha, Gaiti zilzilasi tashkilot tarixidagi eng jiddiy ofatlardan.
Orol davlati bilan erishilgan kelishuv doirasida, chet el yordamini qabul qilayotgan asosiy aeroport hozir AQSh harbiylari nazorati ostida. Uchish-qo’nish yo’llari ishdan chiqqani sabab Port-o-Prins aeroporti cheklangan jadvalda ishlashga majbur.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton kecha gumanitar yordam ortilgan samolyotda Gaitiga safar qilib, prezident Rene Preval va qutqaruv guruhlari bilan uchrashgan. “Missiyadan maqsad - Gaiti xalqiga ko’mak ko’rsatish”, - deydi tashqi ishlar vazirasi.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi rahbari Rajiv Shoh Klintonga hamrohlik qilmoqda. Harbiylarning aytishicha, AQShning 20 ga yaqin vertolyot ortilgan kemasi qutqaruv ishlariga jalb qilingan.
Muxbirimiz Brayan Vagnerning Gaiti poytaxti Port-o-Prinsdan xabar berishicha, shaharda ahvol juda og’ir. Jon saqlashga harakat qilayotgan aholiga yordam kechikayotgani norozilik uyg’otib, g’alayonga yetaklashi, talon-taroj va jinoyatchilik avj olishi mumkin degan xavotirlar bor. Shahardagi bosh qamoqxona vayron bo’lib, minglab mahbus va jinoyatchilar ozodlikka chiqqani ma’lum.
Gumanitar yukni taqsimlash va mamlakatda tartibni saqlash uchun Qo’shma Shtatlar Gaitiga 10 minggacha harbiy yuborishi kutilmoqda.
“Gaiti”, deydi prezident Barak Obama, “Amerika va xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj”. Bu ofat barchamiz uchun sinov deya, Obama bu missiyaga sobiq prezidentlar Jorj Bush va Bill Klintonni jalb qilgan. Ikki sobiq rahbar boshchiligidagi maxsus jamg’ama Gaiti aholisi uchun mablag’ to’plamoqda.
Obama ma’muriyati qaroriga ko’ra, Amerikada noqonuniy yashayotgan Gaiti fuqarolari vaqtincha himoya bilan ta’minlanadi, ya’ni ularga bu mamlakatda ishlash huquqi berilib, 18 oy davomida deportatsiya qilinmaydi.
Turli hisoblarga ko’ra, AQShda hujjatsiz yashab-ishlayotgan gaitiliklar 100-200 mingni tashkil etadi.