Barak Obama tashqi siyosati: tahlil va baholar





Barak Obama prezident etib saylangach, tashqi siyosatda keskin o'zgarishlar bo'lishini va'da qilgan edi. Xususan xalqaro diplomatiyani kuchaytirib, mojaroli masalalar bilan shug'ullanishni maxsus vakillariga topshirgan. Iroqdan qo'shinlarni chiqarib, Afg'onistonda harbiylar sonini ko'paytirishga qaror qilgan.

Saylovlardan so'ng Barak Obama va davlat kotibligiga tayinlangan Xillari Klinton jahon sahnasida murosa qilishni o'rganamiz, deya va'da bergan edi. Klinton o'shanda tashqi siyosati sobiq prezident Jorj Bushnikidan nimasi bilan farq qilishini tushuntirib bergan edi.

"Xavfsizligimiz, qadriyatlarimiz va manfaatlarimizni yolg'iz harbiy kuch bilan himoya qilib bo'lmaydi. Faol diplomatiyani ishga solib, tasarrufimizdagi barcha usullardan foydalanib, yangi hamkorlar orttirishimiz, g'animlarni esa kamaytirishimiz kerak", - degan edi Klinton.

Prezident Obama tajribali diplomat Richard Xolbrukni Pokiston va Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil etib tayinlab, mintaqadagi ahvolni yaqindan kuzatish va hududga nisbatan siyosatni shakllantirishda yordam berishni so'radi.

Sobiq senator Jorj Mitchellga esa Yaqin Sharqda xuddi shunday vazifa topshirildi.

Oq uy ma'muriyati Eron yadro dasturi bilan bog'liq muloqotda bu mamlakat rasmiylari bilan ilk bor aloqa qildi. O'xshash masala borasida Shimoliy Koreya bo'yicha maxsus vakil etib tayinlangan Stiven Bosvort dekabr oyida Pxenyanga tashrif buyurib, kommunistik tuzumni olti tomonlama muzokaralarga qaytishga undab ko'rdi.

Mitchell ham Yaqin Sharqqa bir necha marta borib, Isroil va Falastinni turg'un bo'lib qolgan muzokaralarni jonlantirishga da'vat etdi. Biroq na Bosvort va na Mitchell buning uddasidan chiqdi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu falastinliklar talab qilganidek, bosib olingan yerlarda uylar qurishni to'xtatmadi.

2009 yil davomida AQSh davlat kotibi muovini Kurt Kempbell Birmaga safar qilgach, harbiy xunta uy qamog'idagi demokratik faol Au San Su Chi uchun sharoitni yaxshilashga qaror qildi.

Prezidentning murosa siyosati mamlakat ichkarisidagi konservativ kuchlarga yoqmadi. Ular Barak Obamani soddalikda aybladi.

Marhum prezident Ronald Reygan ma'muriyatida ishlagan Richard Pyorl ayniqsa namoyishchilar va muxolifat rahbarlarini ta'qib qilayotgan Eron hukumati bilan til topishish harakatini keskin tanqid qildi.

"Eron yadro quroli ustida ishni to'xtatmasdan, o'z xalqini ezib, ba'zi mamlakatlarda terrorizmni qo'llab-quvvatlab, Yaqin Sharqni beqarorlashtirmoqchi bo'lsayu, biz ular bilan aloqa qilmoqchi bo'lsak. Bu noto'g'ri talqin etilishi mumkin", - deydi Pyorl.

Saylov kampaniyasi davrida Obama Iroq urushiga boshidan qarshi bo'lganini aytgan. Biroq hokimiyatga kelgach, Afg'onistonda qo'shinlar sonini oshirish qarori bilan ba'zi ashaddiy tarafdorlari ko'nglini sovitdi.

Prezident bunday qarorga uzoq va sinchkov tahlildan so'ng keldi. Sobiq vitse-prezident Dik Cheyni hujjatni tanqid qildi.

Biroq prezident Vest Poyntdagi harbiy akademiyada ma'ruza qilib, yangi strategiya mohiyatini tushuntirishga harakat qildi.

"Yakuniy qarorga kelishdan oldin qiyin savollarga javob talab qildim, barcha choralarni ko'rib chiqdik. Oliy qo'mondon sifatida Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming askar yuborish muhim manfaatlarimizga javob beradi degan xulosaga keldim. 18 oydan so'ng ular vatanga qaytadi", - degan Obama.

Gondurasda prezident Manuel Zelayaning lavozimidan olinganiga AQShning kech munosabat bildirishi ham Obamaga ancha tanqid olib keldi. Qo'shma Shtatlar talabiga qaramay Zelaya lavozimida tiklanmadi.

Dekabrda Kopengagenda iqlim o'zgarishiga bag'ishlangan xalqaro anjuman atrof-muhit muhofazachilari kutgan natijani bermagan bo'lsa-da, prezident Obamaning masalaga jiddiy yondashgani tahlilchilar nazarida obro'siga obro' qo'shadi.

Vashingtonlik siyosatshunos Vil Marshallning aytishicha, prezident o'ta og'ir muammolarni bo'yniga olgani uchun unga tasanno aytish kerak.

"Biroq aytgan gaplari prezidentligi oxirigacha amalda o'z aksini topadimi, yo'qmi, bu savolga hozircha javob yo'q", - deydi u.

Xillari Klinton mamlakatlar bilan aloqalarni yaxshilash uchun dunyo kezdi. Biroq uning "Pokiston jangarilarga qarshi yetarlicha kurashmayapti" degan tanqidiy bayonoti bu mamlakatda salbiy qarshilandi.

Xillari Klinton yangi strategiyada harbiy kuch va diplomatiyadan tashqari AQSh tashqi siyosatida taraqqiyot dasturlari ham markaziy rol o'ynashini aytadi.