Islandiyadagi vulqon O'zbekistonda ham havo qatnovini to'xtatdi

Islandiyadagi vulqon O'zbekistonda ham havo qatnovini to'xtatdi

<!-- IMAGE -->

Islandiyada vulqondan otilgan kul nafaqat Yevropa bo’ylab, balki xalqaro havo qatnovini izdan chiqargan. O’zbekistonda ham Yevropa va Qo’shma Shtatlarga reyslar bekor qilingan. Qatnov qachon tiklanishi noma’lum.

Toshkent xalqaro aeroporti xodimlarining aytishicha, yo’lovchilar vaziyatdan xabardor.

Ba’zilar chiptalarini topshirgan, boshqalar kutishni ma’qul ko’rmoqda.

Taxminan qancha yo’lovchi haqida gap ketmoqda, degan savolga “bir “Boing” samolyotiga odatda 180 odam sig’adi, hisoblayvering” deb javob beradi aeroport xodimlari.

“O’zbekiston havo yo’llari” aviakompaniyasi haftada bir marta Toshkent-Nyu-York yo’nalishida qatnaydi – yakshanba kunlari. Reys Latviya poytaxti Rigada to’xtab o’tadi. Riga aeroporti bilan bog’langanimizda ham “reyslar qachon tiklanishi noaniq, Toshkentdan keluvchi samolyotlar havoga ko’tarilmagan” degan javob bo’ldi.

Xalqaro havo transporti uyushmasi hisob-kitobiga ko’ra, aviakompaniyalar kuniga taxminan 200 million dollar zarar ko’rmoqda.

Germaniyaning “Lufthansa” kompaniyasi pastlab parvoz qilishga ijozat olgan – kompaniya Sharqiy Osiyo, Afrika va Shimoliy Amerikadan 15 ming yo’lovchini manzilga yetkazishi kerak.

Xalqaro havo transporti uyushmasi rasmiylari Yevropa rasmiylarini vaziyatni eplay olmaganlikda, krizis sharoitida o’zini yo’qotib qo’yganlikda ayblab tanqid qilgan. Yuz minglab yo’lovchilar kunni aeroportlarda o’tkazishga majbur.

Islandiyadagi vulqondan sochilgan kul sekin-asta bosiladi degan umid bor, ammo yangilar otilishi haqida ogohlantirishmoqda.