Qurolga egalik qilish huquqi AQShda nozik mavzu

Qurolga egalik qilish huquqi AQShda nozik mavzu


Qurolga egalik qilish ayrim amerikaliklar nazarida uzviy bir huquq. Qurol-aslaha sanoati kuchli lobbiga, siyosiy ta'sir vositalariga ega.

Ko'plab fuqarolar nazarida miltiq yoki pistolet olib yurish shaxsiy himoya uchun o'ta zarur talab. Lekin bu huquqqa xavf sifatida qaraydigan fuqarolar ham katta sonni tashkil etadi. Amerika davlat sifatida vujudga kelibdiki, bu bir nozik masala bo'lib qolmoqda.

Rob Viver miltig'i bilan faxrlanadigan amerikaliklardan. Merganlik uning sevimli mashg’uloti.

"Men uchun orom olishning bir yo’li bu. Qurolni ko’tarib, mo’ljalni olasiz. Fikr-xayolingiz faqat bir nuqtada. Boshqa hech narsaning ahamiyati yo’q",- deydi u.

Qurolga egalik qilish huquqimni o’lgunicha himoya qilishga tayyor odamlar bor. AQSh konstitutsiyasiga kiritilgan ikkinchi o’zgartirish bu huquqni kafolatlaydi. Ammo qurolni qanday saqlash va yoningizda olib yurish-yurmaslikni shtatlarning o’zi belgilaydi.

Qurol egalari Obama ma’muriyatini konstitutsiyani o’zgartirishga urinayotganlikda ayblaydi. Obama senatorlik davrida kuchliroq nazorat tarafdori bo’lgan. Endi u o’sha siyosatni olg’a suradi deya xavotir bildiradi Vashingtondagi namoyish qatnashchilari.

"Konstitutsiya ahamiyatini tushunmaydigan rahbarlar qayta saylanmaydi. Ovoz bermaymiz ularga",- deydi qurol egalaridan biri, pensioner ayol.

Bu huquqini ardoqlovchi amerikaliklar qurolini ko’z-ko’z qiladi. Vashingtonga qo’shni Virjiniya shtatida fuqarolar qurolini yonida olib yurish huquqiga ega.

"Hukumat aralashmagani ma’qul bu ishga. Bilib qo’yishsin - biz kurashamiz",- deydi amerikaliklardan biri.

Boshqalar bunday gaplardan g’azabda.

"Bu Amerika. Yoqmasa, chiqib keting. Qurolingizni ham olib keting",- deydi bir ayol.



Fuqarolarning qurolga egalik qilish huquqini tan olayotgan nohukumat tashkilotlar qonunlarni kuchaytirishni, ommani ham ogoh qilishni maslahat beradi.

Odamlar o’zini, oilasini himoya qilishga haqli. Lekin qurollar jinoyatchi-bezorilar qo’liga tushmasligini ta’minlash lozim. Qurol ko’rgazmalarida tekshiruv tizimini kuchaytiraylik. Xaridorning o’tmishi, ruhiy salomatligi muhim.