O'sha mash'um kun: 11 sentyabr voqealari bir guvoh xotirasida - 2004-09-10

Eliza Hiks uyi bilan faxrlanadi. Ko’pchilik nyu yorkliklar kabi u ham tarixiy imoratdagi qayta ta’mirlangan kvartirada yashaydi.

Eliza va uning oilasi hozirda “No’linchi Qavat” deb ataluvchi joy, ya’ni bir paytlar Jahon Savdo Markazining egizak binolaridan qolgan maydon yonida yashaydi. Uch yil oldingi fojea bu uyni ham qaqshatgandi.

“Bu bizning uyimiz. Bu esa Jahon Savdo Markazi. Bu janubiy minora,” deya eslaydi Eliza.

Ikki yarim yil oldin bu ayol bilan ilk bor ko’rishganimizda, uning uyi, hujumdan olti oy keyin ham bir vayronadek ko’ringandi.

"Ikkinchi samolyot kelib urilishi bilanoq, binodan chiqib ketgandik," deydi u. "Shaharning boshqa qismida yashovchi akamnikiga ketdik. Dastlabki bir necha kunni eslolmayman. Esimizni yo’qotgandik."

Shunda keyin Eliza va oilasi boshqa joyga ko’chishdi. Asta sekin 20 yillik uylaridan qolgan vayronani ko’zdan kechira boshlashdi.

Daraxt shohi, qog’oz va tsement parchasi Jahon Savdo Markazi tomondan kelib, uning uyiga tushgandi. Fojeadan karaxt bo’lib qolgan Eliza avvaliga vayrona markazi oldida yashashni unchalik istamaganini aytadi:

"Bu bizning uyimiz, unga qaytishni istaymiz. Odam hamisha uyiga qaytadi. Ba’zida to’htab, o’ylanaman; yashash uchun yaxshi joymi bu yer, deb. O’ylanaman, ammo, qaytib kelsak kerak. Agar bu joy tuzalsa. Bu katta vayrona."

Bu yerda yashagan kishiga 11 sentyabr voqealari qoldirgan ruhiy zarardan qutulish oson emas.

"Dunyoda yuz berayotgan voqealar endi meni ko’proq tashvishlantiryapti," deydi Eliza.

Jahon Savdo Markazi binolari o’rnida qurilish ishlari davom etyapti. Ular o’rniga yangi imoratlar bunyod etilishi boshlanar ekan, shovqin-suron haliveri tinmaydi. Eliza, uch tomonida qurilish ketayotgan joyda yashash qiyin, deydi.

Egizak binolar oldida yashagan odamlar yangi hayotga ham o’rganib qolishdi. Ular kelajakdan umidvor, ammo uch yil oldingi dahshatli kun xotirasi hamisha tirik.

"Har safar shu yerdan o’tganimda Jahon Savdo Markazidan qolgan joyga ko’zim tushadi," deydi Eliza. "U yerga qanday ko’zim tushganini ham sezmay qolaman. Balki bu haqda har kuni o’ylarman."