Jahonning ko'plab ko'zga ko'ringan tashkilotlari va mutaxassislari Andijondagi qonli voqealar bo'yicha o'z hisobotlarini chiqardilar. Ana shunday mutaxassislardan biri angliyalik olim, London Universiteti sharqushunoslik va afrikashunoslik fakultetining professori Shirin Akinerning hisoboti boshqa yirik mutaxassislar davrasida katta shov-shuvga sabab bo'ldi.
Ingliz olimi 13 may voqealaridan so'ng xalqaro mutaxassislar va chet-el jurnalistlari uchun yopiq Andijonga tashrif buyurib, viloyat hokimiyati o'rinbosari hamrohligida ikki kun ichida 40 ga yaqin kishi bilan suhbatlashgan va bir oz vaqt o'tgach voqealarning tafsilotlari va sabablari xususida o'z fikri bildirilgan hisobotni chiqargan. Hisobotning shov-shuvga sabab mazmuni shuki, u O'zbekiston hukumatining Andijon voqealari bo'yicha qilgan xulosasi bilan deyarli hamohang bo'lib, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Xalqaro inqirozlar guruhi va Human Rights Watch tashkilotlarining bir necha kun davomida alohida chiqargan, biroq mazmuni va tafsilotlari bir bo'lgan hisobotlarini chipakka chiqaradi.
Shu haftada Vashingtonda bo'lib o'tgan AQSh hukumatining Helsinki Komissiyasi tinglovida guvohlik qilgan mutaxassislar ham Shirin Akiner chiqargan hisobotning haqiqatga yaqinligi haqidagi o'z gumonlarini bildirdilar. Shveysariyaning nemis tilida chiqadigan "Noye Syurxer Saytung" (Neue Zuercher Zeitung) gazetasining 13 may kuni Andijonda bo'lgan katta muxbiri Markus Bensmann Shirin Akiner va uning maqolasi haqida shunday dedi:
Markus Bensmann: "Uning hisobotida otishmalar sahar 6-30 boshlangan deyiladi, men esa o'sha yerda bo'lganman va ma'suliyat bilan shuni aytamanki, otishmalar 5 da boshlangan. Men buni xalqaro agentliklar chiqargan axborotning kompyuterda qayd etiladigan vaqti orqali isbotlashim mumkin. Shirin Akiner vaqtni Karimov otishmalar 6 dan oldin boshlanmagan degani uchun, o'zgartirgan. Shuningdek, u hisobotida Andijonda unga viloyat hokimiyatining muovini hamrohlik qilganini tan oladi.
Biroq shuni aytishim kerakki, agar siz viloyat hokimi o'rinbosarining mehmoni bo'lsangiz, katta ziyofatdan qutila olmaysiz. Qanday qilib bir kun ichida 40 ta suhbatni viloyat hokimining o'rinbosari hamrohligida qilish mumkin? Albatta, suhbatda bo'lganlar hokimni ko'rib, qo'rqqanlaridan u eshitishni istagan gaplarni aytadilar. Umid qilamanki, bu xonim bilan hamkorlik qilayotgan, NATO ga o'xshash har bir tashkilot unga nisbatan o'z munosabatini qayta ko'rib chiqishi kerak."
Markusning so'zlarini Galima Buxarbayeva ham qo'llab-quvvatladi.
Galima Buxarbayeva: "Shirin Akiner azaldan O'zbekiston hukumatini reklama qilib yurgan. Hoh saylov bo'lsin, hoh referendum bo'lsin, hoh Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Toshkentdagi yig'ilishi bo'lsin, u hamisha O'zbekiston hukumatiga shunday xizmat ko'rsatishga harakat qilgan."
Shirin Akinerning o'zi hisoboti haqida aytilgan tanqid va ayblovlarga shunday munosabat bildirdi:
Shirin Akiner: "Birinchi navbatda shu narsani aytib o'tishim kerakki, mening hisobotimdagi xulosalar yakuniy emas. Ular ilk xulosalardir. Men Andijonda bo'lganimda odamlarning yoniga borib, dab-durustdan "nima bo'lgani haqida gapirib bering" deganim yo'q. Men ehtiyotkorlik bilan 13 may voqealari haqida qanday o'rganganliklarini, o'sha paytda qaerda bo'lganliklarini, so'rab o'sha kuni bo'lgan voqealar ketma-ketligini terib chiqdim.
Nazariy jihatdan, aldash qiyin emas, biroq shuncha odamlarning bergan turli xil ma'lumotlarini bir xulosaga keltirish oson emas. Bundan tashqari odamlar men ularga qanday savol berishimni oldindan bilmaganlar.
Hisobotimning asosiy mazmuni shundan iboratki, o'sha voqealar haqidagi G'arb matbuoti bergan xabarlarga tanqidiy ko'z bilan qarash kerak. Izlanishim meni shu xulosaga keltirdi. Har bir izlanish yoki axborotga bir xil darajada baho berish kerak. G'arb matbuoti, mening nazarimda, o'z axborotiga tanqidan yondashmagan."
O'zbekiston matbuoti o'zining Andijon voqealari haqidagi xabarlariga tanqidiy yondashganmi, degan savolga Shirin Akiner shunday javob qildi:
Shirin Akiner: "Rostini aytsam, men O'zbekiston matbuotining o'sha kunlardagi xabarlari bilan qiziqmadim. Gazetalarni o'qimadim. Men ko'proq o'zimning taassurotlarimni olish bilan qiziqdim. Shu narsani ta'kidlab o'tmoqchimanki, G'arb mamlakatlari o'z munosabatlarini bildirganda juda ehtiyot bo'lishlari kerak, chunki o'ylashimcha, ularning qilgan bayonotlari asosan tanqidiy ko'z bilan qaralmagan, aniqlik yetishmaydigan va matbuotda tarqatilgan axborot asosida chiqqan."
Xelsinki Komissiyasining tinglovini kuzatgan Vashingtonda joylashgan Xalqaro xususiy tadbirkorlik markazining vakili Kip Efinjer ham Shirin Akinerning hisobotida ko'plab savol tug'diradigan fikrlar bitilganini aytdi.
Kip Efinjer: "Tinglov qiziqarli o'tdi deb o'ylayman. Ayniqsa Shirin Akinerning hisobotiga nisbatan bildirilgan munosabatlar. Chunki uning hisoboti Andijondagi qurbonlarning soni, namoyishlarda terrorchilar ishtirok etgan-etmagani haqidagi ko'plab xabarlarni noto'g'ri talqin qilgani ko'pchilikning hayolida edi. Bugun keltirilgan dalillar Shirin Akinerning hisobotidagi dalillarning gumonli ekanini yaqqol ko'rsatib berdi."