Mo'tabar Tojiboyeva fransuz huquq tashkiloti mukofotiga sazovor bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Mo'tabar Tojiboyeva yaqinda Varshavada o'tgan xalqaro anjumanda, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yig'inida O'zbekiston hukumatiga qarshi namoyishga yetakchilik qildi.

Fransiyadagi mustaqil tashkilot - Qiynoqlarga qarshi nasroniy faollar (ACAT) xalqaro uyushmasi O'zbekistonda bu muammoga qarshi kurashib tanilgan, shuningdek, o'zi ham siyosiy mahbus sifatida qiynoqlarni boshdan kechirgan Mo'tabar Tojiboyevani Enjel-Tertr mukofotiga loyiq deb topdi.

Tojiboyeva 2008-yildan beri Yevropada yashaydi va "O'tyuraklar klubi" huquq tashkilotini boshqaradi. Uning internet nashri "Jarayon" qayd etishicha, taqdimot marosimi 15-noyabrda Parijda bo'lib o'tadi.

Enjel-Tertr ACAT ta'sis etgan yangi sovrin va moliyaviy mukofotdir. Qancha mablag' haqida gap ketayotgani hali aniq emas.

ACAT 40 yildan beri faoliyat yuritadi. Asoschilari Xelen Enjel va Edit Tertr bo'lib, yuqorida tilga olingan unvon shu insonlar nomiga qo'yilgan.

Tashkilot nazarida Mo'tabar Tojiboyeva dunyoda qiynoqlarga qarshi kurash olib borayotgan 40 liderdan biri.

O'zbekiston hukumati Tojiboyevani 2005-yilda Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanib, sakkiz yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan. G'arb tanqidi va bosimi ostida ayol 2008-yilda ozodlikka chiqarilgan.

Tojiboyeva panjara ortidagi azoblar, sog'lig'iga keltirilgan zarar va huquq himoyachilarga nisbatan tinimsiz tazyiqlar haqida ochiq gapirib tanilgan.

Fransiyada yashab kelayotgan faol qator mukofotlar sovrindori va o'z boshdan kechirganlarini turli anjuman va yig'inlarda bayon etib keladi, jumladan BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tadbirlarida.

Mo'tabar Tojiboyeva O'zbekistonni qiynoqlar makoni deb ataydi. O'zbekiston hukumati bu ta'rifni tan olmasa, xalqaro hamjamiyatga vaziyat bilan tanishish uchun sharoit yaratib berishi kerak, deb kelasi huquq himoyachisi.

BMTning Qiynoqlarga qarshi maxsus vakili 10 yildan oshibdiki, mamlakatga kiritilmaydi.