Breaking News

Mo’tabar Tojiboyeva: BMTning qiynoqlar bo'yicha vakili O'zbekistonga kirishi kerak


BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakilini O’zbekistonga kiritish bo’yicha tashabbuslar davom etmoqda. Lekin Toshkent bilan aloqalarni mustahkamlashga urinayotgan G’arb bu talablarni qo’llab, himoya qilmas ekan, natija bo’lishi gumon. Faollar so‘zlariga ko’ra, so’nggi paytlarda mamlakatda qiynoq qurbonlari soni ortgan va bu haqda dalillar mavjud.
O'zbekiston, qiynoqlar va BMT/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:19 0:00
Yuklab oling

O’tgan oy O’zbekiston qamoqxonasidan bir necha mahbusning o’ligi chiqdi. Huquq himoyachilari alyansi Ichki ishlar boshqarmasida fuqaro Sayfiddin Qurbonovning ayovsiz qiynoqqa solinishi tafsilotlari haqida xabar tarqatdi. Mamlakatda qiynoq qo’llash avj olayotganiga doir ma’lumotni O’zbekistonning BMTdagi sobiq elchisi Gulnora Karimova ham "Twitter" sahifasida joylab bormoqda. Karimovaning aytishicha, raqiblarni yo’qotishga qaratilgan qiynoqlar boshida Milliy xavfsizlik xizmati turibdi.

Andijon voqealarida ishtirok etganlikda ayblanib qamalgan Tavvakal Hojiyevning jasadi yaqinda oilasiga topshirildi. Organlar bosimi ostida u zudlik bilan dafn qilingan. Bu voqeadan so’ng marhumning yaqinlari Hojiyev qamoqdagi qiynoqlar haqida yozgan xatni matbuotda e'lon qilishdi.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan "O’t yuraklar" inson huquqlari tashkiloti BMT vakili O’zbekistonga kiritilsin degan talabni olg'a surmoqda.

“O’zbekiston hukumatining BMTda bizda qiynoqlar mavjud emas, Andijon masalasi biz uchun yopilgan deb aytgan gaplari, Tavakkal va boshqa mahbuslar uchun o’qilgan o’lim hukmidak tuyuladi menga. Tavakkal o’limidan ikki oy oldin o’ziga va boshqa mahbuslarga o’tkazilayotgan qiynoqlar haqida xat chiqargan edi. Bu xatda qiynoq qo’llagan shaxslarning ismlari ko’rsatilgan. BMT qiynoqlar bo’yicha o’z vakilini O’zbekistonga yuborishni qanchadan buyon muhokama qilib keladi. Lekin, nazarimda, bu yetarlicha talab qilinmayapti, biror samaraga erishish uchun O’zbekiston hukumatiga aniqroq bosim o’tkazilishi kerak", - deydi tashkilot rahbari Mo’tabar Tojiboyeva.

BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus rasmiysining O’zbekistonga borishi bir necha yildan buyon muhokamada. Toshkent hozirgacha bunga rozilik bermagan. Faollar so'zlariga ko’ra, bu talab O’zbekiston bilan yaqin aloqada bo'lgan G’arb davlatlari tomonidan qo'yilmas ekan, vaziyat o’zgarmaydi.

Yaqinda O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Lodonda muzokaralar o’tkazdi. Delegatsiyaning ikki kunlik safari matbuot uchun deyarli yopiq o’tdi. Bu safar ortidan Britaniya hukumati nafaqat qiynoqlar muammosi, balki Britaniya tufayli qiynoqqa tutilgan odamlar taqdiriga ham befarq qolmoqda.

Londonga josuslik qilganlikda ayblanib qamoqda qiynoqqa solingan Qayum Ortiqov taqdiri ingliz matbuotida keng yoritilgan. Bosimlar tufayli O’zbekistonni tark etgan bu oila qirollikdan boshpana so’ramoqda. Ortiqovlar oilasi Britaniya hukumatidan adolat so'ramoqda.

“Bizning masalamizda na ijobiy, na bir salbiy javob bor, shuning uchun yana bir marta Britaniya hukumatiga murojaat bilan chiqdik. Turmush o’rtog'im esa mutlaqo ishonchini yo’qotib bo’lgan. Britaniya kabi demokratik davlatlar uchun inson huquqlari asosiy o’rinda turishi kerak. O’zbekiston kabi diktator davlatlar bilan munosabat qilishda esa aynan Britaniya inson huquqlari birinchi o’rindaligini tushuntirishi lozim”, - deydi Qayum Ortiqovning turmush o’rtog'i Mohira.

Mo'tabar Tojiboyeva deydiki, hozir O’zbekistonda qiynoq muammosini ochiq muhokama qiladigan fursat. Qiynoqlar haqida nafaqat huquq himoyachilari, balki prezident qizi Gulnora Karimova ham ochiq aytib turibdi.

“Yaqin yillargacha Fransiya, Britaniya O’zbekistondagi adolatsizliklar, inson huquqlari buzilishining keskin tanqidchilari edi. Bugun esa demokratik davlatlar ham diktator chalgan musiqaga o’yinga tushayapti. Gulnora Karimova hukumatdagi ziddiyatlarni ochiqlayotgan bir paytda, Akmal Saidov BMTda stolni mushtlayotgan bir paytda, Fransiya va Britaniya hukumati vakillari Toshkentdagi tadbirlarda ishtirok etib O’zbekiston hukumatining inson huquqlari bo’yicha siyosatidan qoniqish hosil qilganini aytmoqda. Bu juda ham ayanchli”, - deydi huquq himoyachisi.

Shu yilning oktabr oyida BMT qiynoqlar qo’mitasida Akmal Saidov boshchiligida javob bergan O’zbekiston delegatsiyasi mamlakatda qiynoqlar yo’qligini aytib, huquq faollari yolg’on ma’lumot bermoqda, dedi.

BMT qo’mitasi bu iddaoni tan olmadi va noyabr oyida hisobot chiqarib, O’zbekistonda qiynoq usullari muntazam ravishda qo'llaniladi deya e'lon qildi.

3-dekabr kuni Toshkentda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasining Markaziy Osiyo bo'yicha bosh vakili Jak Villett bilan uchrashgan. Bu tashkilot yil boshida O'zbekiston qamoqxonalariga kirib, mahbuslar bilan gaplashish deyarli mumkin emas deya o'z faoliyatini to'xtatgan edi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG