Tolibon janubiy Afg’onistondagi yirik harbiy bazaga hujum qilishi oqibatida 25 askar halok bo’lgan, bir necha harbiy asirga olingan.
Afg’on rasmiylari va Tolibonga ko’ra, kuchli qurollangan va harbiy forma kiyib olgan hujumchilar orasida xudkush bombachilar ham bo’lgan. Hilmand viloyatidigadi hujumga uchragan Sho’rob bazasida AQSh askarlari ham bo’lgani aytilmoqda. Isyonchilarning bir qismi asosiy darvoza oldida o’zini portlatib, keyingilarining kirishi uchun yo’lni ochib bergan.
Tolibon o’nlab xavfsizlik xodimlarning halok bo’lganini, ular orasida amerikaliklar ham borligini da’vo qilmoqda.Ular hatto bazadagi bir nechta harbiy samolyotni yo’q qilib, olti nafar uchuvchini o’ldirganini ham aytmoqda.
Hujum boshlanishidan bir necha soat o’tib, Afg’onistondagi AQSh qo’shinlari matbuot kotibi, polkovnik Deyvid Batler Tolibonning bu da’volari uydirma ekanini, hujum Afg’on xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilganini aytgan.
Har ikki tomonning da’volariga aniqlik kiritishning hozircha imkon yo’q.
Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani 2018-yilgi hisobotida 2014-yil sentabrdan beri 30 ming askar halok bo’lgani aytgan edi. BMT ma’lumotiga ko’ra, mintaqadagi zo’ravonliklar oqibatida 2018-yil to’rt ming atrofida tinch aholining ham yostig’i qurigan.
Tolibon hujumi Qatarda o’tgan AQSh va Tolibon rasmiylari muzokaralaridan ikki kun o’tib sodir bo’ldi.