Afg'onistonda prezidentlikka nomzodlar ro'yxatga olindi

Afg'oniston tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul (o'ngda) prezidentlikka nomzod sifatida ro'yxatdan o'tgani haqida saylov komissiyasida guvohnoma olmoqda, Kobul, 6-oktabr, 2013-yil

Afg’onistonda prezidentlikka nomzodlarni ro’yxatga olish uchun ajratilgan uch haftalik jarayon nihoyasiga yetdi. 20 ga yaqin siyosiy arboblar va sobiq jangarilar aprelga belgilangan saylovlarda ishtirok etish istagini muhrlagan. Vitse-prezidentlikka da’vogarlar orasida Abdul Rashid Dostum ham bor.

Afg’onistonda prezident saylovlari 5-aprelda o’tkaziladi. Amaldagi rahbar Hamid Karzay uchinchi muddatga saylana olmaydi. Uning o’rnini bir necha arbob egallamoqchi, biroq hech birini yaqqol peshqadam deb bo’lmaydi.

Nomzodlar orasida tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul, sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani Ahmadzoy hamda amaldagi prezidentning akasi Qayum Karzayni alohida tilga olish mumkin.

Zalmay Rasulning muxbirlarga aytishicha, agar u prezidentlikka saylansa, mamlakatning so’nggi 10 yilda erishilgan tarixiy yutuqlarini himoya qiladi, Afg’onistonni yanada rivojlantirib, boshqaruvni yaxshilaydi, iqtisodiyotni barqarorlashtiradi.

Ashraf G’ani pashtu millatiga mansub siyosatchi bo’lib, 2009-yilgi prezident saylovlarida marraga uchinchi bo’lib kelgan edi. Agar saylovlarda g’alaba qozonsam, deydi u, raqiblarimga hukumatdan joy taklif qilaman.

"Afg’oniston tarixida ilk bor davlat boshqaruvi bir qo’ldan boshqasiga saylov orqali, tinch yo’l bilan o’tadi. Mamlakat o’zgarishlarga muhtoj va men saylovda g’alaba qilaman", - dedi G’ani.

Aytish joiz, afg’onistonlik o’zbeklar sardori Abdul Rashid Dostum Ashraf G’ani kampaniyasiga qo’shilib, birinchi vitse-prezidentlikka nomzod sifatida ro’yxatdan o’tgan.

Hamid Karzay saylovlarda tarafkashlik qilmaslikka so’z bergan. Biroq matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, u tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasulni qo’llab-quvvatlashi mumkin.

Nomzodlar orasida parlament deputati Abdul Rasul Sayyaf va sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla ham bor. Abdulla 2009-yil saylovlarida ikkinchi o’rinni egallagan edi.

Aprel saylovlari Afg’oniston mustaqil ravishda, tashqi yordamsiz uyushtirayotgan ilk jarayondir. Xorijiy kuchlar aynan shu yili mamlakatni tark etishi kerak bo’ladi.

Ayrimlar nazarida Tolibon xurujlari kuchayar ekan, jangarilar saylovni o’tkazishga halaqit berishi mumkin. Boshqalar esa 2009-yil saylovlarida kuzatilgan soxtalashtirish hollari takrorlanishidan xavotirda.

Afg’oniston tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul Nyu-Yorkdagi yig’inda so’zlab, saylovlar halol bo’lishi muhim, dedi.

"Agar jarayon muvaffaqiyatli kechsa, saylov natijalari afg’on xalqi tomonidan tan olinsa, jamiyatimizda demokratik jarayon ildiz otganidan nishona bo’ladi. Agar saylov halol bo’lmasa, bundan Afg’oniston kelajagi zarar ko’radi", - dedi Rasul.