Kobulga tashrif buyurgan BMT vakilining aytishicha, Afg’onistonda ichki qochqinlar o’ta ayanchli ahvolda yashamoqda.
Chorshanba kuni BMT bosh kotibining insonparvarlik masalalari bo’yicha o’rinbosari Valeriya Amos Kobuldagi xaroba kulbalarda kun kechirayotgan 80 nafar oila ahvoli bilan tanishdi. Uning aytishicha, oilalar, ayniqsa, ayollar va bolalar poytaxt markazida chidab bo’lmas darajada, abgor holatda yashamoqda.
“Sharoit, ko’rib turganimizdek, juda-juda xavotirlanarlidir. Odamlar shu ahvolda yashashda davom etishi mumkin emas”, deydi BMT vakili.
Amosning aytishicha, Afg’onistonda urush va iqtisodiy nochorlik tufayli bir joydan boshqa joyga ko’chganlar soni aholining uchdan bir qismini tashkil etadi.
BMT ma’lumotiga ko’ra, 2002-yildan beri 7,7 million afg’onistonlik muhojir xorijdan vataniga qaytgan. Besh million afg’on hanuz Pokiston va Eron hududida yashamoqda. Yarim millioni esa ichki qochqin hisoblanadi.
BMT vakili Amosning aytishicha, ular tezkor va uzoq muddatli yordamga muhtoj.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotining fevralda e’lon qilgan ma’lumotiga ko’ra, Kobulda 35 mingdan ortiq ichki qochqin yashaydi. 2011-yilning dastlabki olti oyida mamlakat bo’ylab ichki nizolar oqibatida o’z uyini tashlab boshqa hududlarga qochib o’tgan aholi soni 91 mingni tashkil etgan. Bu 2010-yilning birinchi yarmiga qaraganda 42 foizga ko’pdir.
Mamlakatdagi jami ishchi kuchining 10 foizi xalqaro yordam tashkilotlari moliyalagan loyihalarda ishlaydi. Xalqaro kuchlar 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etishi kutilar ekan, insonparvarlik yordamining miqdori ham qisqarishi kutilmoqda. Natijada aholi orasida ishsizlik oshishi va iqtisodiyot yanada beqarorlashishi ehtimoli yuqori.
Afg'onistondagi umumiy manzara: