AQSh qonunchilari afg’on harbiy tarjimonlariga Amerikaga kelish imkonini beradigan dastur davom etishini kafolatlamoqchi.
O’tgan oyda Senat ushbu dastur amal qilish muddatini uzaytira olmagan edi. Afg’onistonda AQSh qo’shinlariga yordamlashgan tarjimonlar Tolibon hujumlariga tez-tez uchraydi.
Demokrat senator Jin Shahin dasturni uzaytirishni ko’zlaydigan qonun loyihasi ustida ishlamoqda. So’ng loyihani Senatning tegishli qo’mitalari ko’rib chiqadi.
“Qo’mitalarda dasturni uzaytirish tarafdorlari ko’pligini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. Umid qilamanki, qonun loyihasi qabul qilinadi”, - deydi Shahin.
Respublikachi senator Mitch Makkonell “Afg’onistonda bizning qo’shinlarga yordam bergan tarjimonlar oldida qarzdormiz”, deb aytdi.
Maxsus immigrant vizasi 2008-yilda ta’sis etilgan. Undan maqsad Amerika qo’shinlari bilan ishlagani sababli hayoti xavf ostida bo’lgan harbiy tarjimonlarga AQShga ko’chib kelishda yordamlashish.
O'shandan beri dastur kengaydi va bugun “kamida bir yil davomida sadoqat bilan Amerika hukumatiga yoki uning nomidan xizmat qilgan” afg’onlarga ham viza beriladi. Ushbu dastur doirasida 20 ming afg’on oilasi bilan birga AQShga ko’chib keldi, aksariyati – so’nggi ikki yilda.
Har yili qonunga tuzatish kiritilib, yillik vizalar kvotasi belgilanar edi. Biroq Senat a’zolari orasidagi kelishmovchilik tufayli bu yili o’zgartirish kiritilmadi, viza olish talablari esa kuchaytirildi.
Shahin senator Jon Makkeyn bilan birgalikda ishlab chiqilgan va 2500 viza berishni ko’zda tutgan o'zgartirishning qabul qilinmaganidan xafsalasi pir.
U ayni vaqtda Kongress dasturni bekor qilmasligiga umid bildiradi.
Vizalarga talab oshgan
So’nggi ikki yilda Kongress 7000 vizaga ruxsat bergan bo’lsa, Davlat departamenti 3487 tasini ajratdi. Yana qariyb 3500 viza uchun 10 mingdan ziyod ariza topshirilgan.
So’nggi paytlarda Afg’onistonda xavfsizlik borasida vaziyat yomonlashgan. Unga sari tarjimonlar va boshqa mutaxassislar hayotiga xavf kuchaymoqda. Minglab odamlar mamlakatdan qochish payida. Demak, qolgan 3500 vizaning tezroq egasini topishi - dolzarb masala.
BMT ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili Yevropaga 200 mingdan ziyod afg’on ko’chib ketdi. Joriy yilning yanvaridan apreligacha 35 ming afg’on Yevropa mamlakatlarida siyosiy boshpana so’radi.
Amerikadagi dastur ko’plab afg’onlar uchun tirik qolishning yagona yo’li, deydi Luiziana shtatining Luivil shahrida afg’onlar vizalari bilan shug’ullanadigan Kozim Nuriy.
“Agar dastur uzaytirilmasa, aksariyat tarjimonlar yoki o’ldiriladi, yoki Yevropaga noqonuniy ravishda qochishga majbur bo’ladi”, - deydi u.
Masalani tez hal qilish qiyin
Davlat departamenti hisob-kitobiga ko’ra, maxsus immigrant vizasiga topshirilgan arizani ko’rib chiqish uchun kamida 270 kun talab qilinadi. Boshqalar esa bu muddat aslida ancha uzoqligini aytmoqda va bir yildan bir necha yilgacha cho’zilishi mumkin, deydi.
"Besh-olti yil kutayotganlar bor", - deydi Nyu-Yorkdagi Xalqaro qochqinlarga yordam loyihasi rahbari Bekka Heller.
Bu tashkilot o’tgan yili 5-6 yildan beri viza olishni kutayotgan afg’on va iroqlik tarjimonlar nomidan ishni sudga bergan edi. Natijada 13 da’vogar oila a’zolari bilan viza olishga muvaffaq bo’ldi.
Davlat departamenti jarayonni tezlatish choralari ko’rilganini ma’lum qildi.
Senator Shahin esa Kongressdagi ikki partiya a’zolari hozir masalani tezlatish niyatida ekanini aytadi.
“Har bir imkoniyatdan foydalanish ustida ishlashda davom etaman. Dasturni har ikki partiya a’zolari, xususan, senator Makkeyn, senator Linsi Grehem va Garri Ridlar qo’llab-quvvatlayotganidan xursandman. Ishni davom ettirish niyatidamiz”, - dedi u.