Afg'oniston hukumati Mulla Umarning o'limini tasdiqlamoqda

  • Amerika Ovozi

Agentes da polícia passam a pente fino o local do ataque na Ponte de Londres.

Afg'onistonda Tolibon harakati o'z rahbari Mulla Umarning o'limi haqidagi xabarlarni inkor etmoqda. Tolibon so'zlovchisiga ko'ra, Mulla Umar hayot va o'limi haqidagi mish-mishlar uni rahbarlikdan tushirishga qaratilgan.

Afg'oniston prezidenti matbuot kotibi Said Zafar Hoshimiyning sal avvalroq aytishicha, Mulla Umarning o'limi haqidagi xabarlar tekshirilmoqda. Biroq bir necha soatdan so'ng afg'on razvedkasi vakili Abdul Hassib Siddiqiy Tolibon yetakchisining o'limini tasdiqladi. Unga ko'ra, Mulla Umar Karachidagi kasalxonada og'ir ahvolda yotib, 2013-yilda jon bergan.

Bu xabar nega hozir yuzaga chiqqani ma'lum emas, biroq ertaga Pokistonda Afg'oniston hukumati va Tolibon o'rtasida tinchlik muzokaralarining ikkinchi davrasi bo'lib o'tadi. Ayrimlar nazarida ba'zi kuchlar mish-mishlar tarqatib, muzokaralarni izdan chiqarmoqchi.

Mulla Umar so'nggi besh yilda jamoatchilikka ko'rinmagan. Matbuotda uning o'limi haqida bir necha bor xabar chiqqan, ammo tasdig'ini topmagan.

AQSh hukumati Mulla Umarning boshi uchun 10 million dollar va'da qilgan.

Pokistonda esa bugun "Lashkari Jangvi" jangari guruhining rahbari otishmada o'ldirilgan. Voqea Muzaffargoh shahrida ro'y bergan. Malik Is'hoq o'tgan hafta ushlangan edi. Bugun uning tarafdorlari rahbarini ozod etmoqchi bo'lib, Is'hoq olib ketilayotgan politsiya kolonnasiga hujum qilgan. Otishmada 11 jangari, Malik Is'hoq va uning ikki o'g'li o'lgan. Olti politsiyachi yaralangan.

"Lashkari Jangvi" so'nggi yillarda shialarga hujumlari bilan yaxshi tanilgan. 2013-yilda Kvetta shahridagi xurujlarda salkam 200 odam o'lgan edi.

AQSh Davlat departamenti Is'hoqni o'tgan yili global terrorchilar ro'yxatiga qo'shgan edi.