Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibon bilan tinchlik muloqotini boshlashga yana urinib ko'rmoqda. Kuzatuvchilar yangi chorani olqishlamoqda, ammo vaziyat o'zgarishidan umidlar katta emas.
Kobulda o'tgan xalqaro anjumanda Prezident Ashraf G'ani, agar zo'ravonlikdan voz kechsa, Tolibon siyosiy partiya tuzishi mumkin, deb e'lon qildi.
"Tolibon yetakchilari, sharaf bilan tinchlik qarorini bering va biz bilan birgalikda bu o'lkani tinch va barqaror qilishga hissa qo'shing", - dedi Afg'oniston rahbari.
Tahlilchilar G'anining bu da'vatini olqishladi, ammo isyonchi guruh taklifni qabul qilishiga shubha bilan qarayotganlar ko'p.
"Tolibon Afg'oniston hukumatida vakolat borligiga ishonmaydi, shuning uchun tinchlik muloqotini AQSh bilan o'tkazishni xohlashi mumkin", - deydi tahlilchi Jahongir Xattok.
Tolibon davrida Afg'onistonning Pokistondagi elchisi bo'lgan Mulla Abdul Salom Zaifning aytishicha, xorijlik kuchlarning Afg'onistonda mavjudligi tinchlik muloqoti markazidagi asosiy masala bo'lib qolaveradi. Tolibon ilgari chet el askarlari mamlakatni tark etmaguncha hech qanday muzokara bo'lmasligini aytgan edi.
"Har bir afg'onda yashash huquqi bor. Kurashayotgan toliblarning aksariyati bu huquqdan mahrum bo'lgan. Ular o'zlarini va boshqalarni o'ldirishda davom etayotganiga sabab AQSh kuchlarining hanuz Afg'onistonda ekanidir", - dedi Abdul Salom Zaif.
Tolibon G'anining taklifiga hali rasman javob bergani yo'q. Ammo sobiq AQSh diplomati Barnet Rubinning "Nyu-Yorker" jurnalida chop etilgan maqolasiga javob qaytardi.
Rubin ham G'anining taklifini olqishlaydi.
"Bu juda yaxshi taklif va G'ani bera oladigan eng yaxshisi. Muammo shundaki, Tolibon nazarida u AQSh kuchlarining Afg'onistonda qolish-qolmasligini hal qila olmaydi, chunki bu uning nazoratida emas", - deydi u.
Rubinga ko'ra, Pokiston Tolibonni muzokaraga undashi kerak.
"Ular AQSh va Afg'oniston Tolibonga jiddiy taklif bilan chiqishi kerak, deyishgan edi. Shundan so'ng guruhga bosim qo'yamiz, deb aytgan. Hozir shuning mavridi", - deydi u.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Xo'ja Osif afg'on rahbarining taklifini qo'llab-quvvatlashini va Pokiston muloqotni tashkil etishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Xitoy ham tinchlik muloqotini yoqlashini ma'lum qildi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Xua Chunyinga ko'ra, Afg'oniston yetakchiligidagi muloqotni Pekin har doim qo'llab-quvvatlaydi.