Uzoq tortishuvlar ketidan va xalqaro vositachilar yordamida Afg'onistonda prezidentlikka da'vogarlar Ashraf G'ani va Abdulla Abdulla saylov natijasi yuzasidan til topishdi.
Your browser doesn’t support HTML5
29-sentabr kuni Ashraf G'ani prezident sifatida qasamyod keltiradi, Abdulla uchun esa hukumatning oliy ijroiya rahbari degan lavozim ta'sis etiladi.
Ekspertlar fikricha, saylov mashmashasi parda ortida hal etilgani bilan kelajakda hokimiyat uchun kurash avj olishi ehtimoldan xoli emas.
Mamlakat oqsoqollari qatnashgan tadbirda prezidentlikka da'vogarlar bir-biriga qo'l uzatib, siyosiy inqirozga yakun yasaldi. Saylov komissiyasi qancha ovoz soxtalashtirilgani, auditda nimalar aniqlangani haqidagi ma'lumotni oshkor etmadi. G'olib e'lon qilindi xolos. Afg'oniston ijroiya hokimiyati endi ikkiga bo'lingani xavotir uyg'otadi.
Kelishuvga binoan, Ashraf G'ani hukumatga kirayotgan raqibi Abdulla bilan ko'plab masalalarda bamaslahat ish tutishi kerak. Ma'lumki, siyosatda vakolat bo'lishish oson vazifa emas.
AQSh Tinchlik institutidan Skott Smit fikricha, kelishuv kuchi tomonlarning so'zi ayri chiqqanida bilinadi.
"Siyosat murakkab narsa. Tabiiyki, muzokara paytida ko'p narsa hisobga olinmagan. Turlicha yondashuv, turlicha talqinlar ishni qiyinlashtiradi", - deydi Smit.
Bu orada, Afg'oniston iqtisodiyoti yana jar yoqasida turibdi. Mamlakat xazinasi bo'm-bo'sh, saylovdan beri zo'ravonlik sur'ati va talofatlar oshgan.
Afg'onistonning Fransiya va Kanadadagi sobiq elchisi Umar Samadga ko'ra, yangi hukumat oldida muammolar talay.
"Afg'onlar ham, G'ani va Abdulla ham biladiki, imkoniyatlar juda cheklangan", - deydi sobiq diplomat.
Ashraf G'ani va Abdulla Abdullaning maslahatchilari bir to'xtamga kelish uchun qariyb olti oy mobaynida hamkorlik qildi. Umar Samad ushbu tajriba kelajakda ham asqatadi, bir-birini tushunishga hissa qo'shadi, degan fikrda.
Afg'oniston oliy rahbariyati birlashib, yaxlit dastur bilan chiqishi bir kun kelib Tolibon bilan murosa qilishning ham zarur shartlaridan. Siyosiy mavhumlikdan foydalanib, jangarilar so'nggi oylarda xurujlarga zo'r berdi, yuzlab odam halok bo'ldi. Lekin, deydi Umar Samad, Tolibon g'alaba qilgani yo'q.
"Ular hukumatni ag'darish u yoqda tursin, bir parcha yerni ham bosib ololgani yo'q", - deydi sobiq elchi.
Shunga qaramasdan, Afg'oniston mudofaa bobida AQShning quvvatloviga muhtoj. Tahlilchi Skott Smit nazarida Amerika 2016-yilda barcha qo'shinlarini Afg'onistondan olib chiqmasligi kerak.
"Ushbu qaror qayta ko'rib chiqilsa, afg'on qurolli kuchlariga dalda bergan bo'lamiz. Qolaversa, Tolibon hujumlarini qaytarish uchun xorijiy davlatlar ko'maklashmasa bo'lmaydi".
Saylov mashmashasi natijasida Afg'oniston iqtisodiyoti o'sishdan to'xtagan. Donor davlatlar jarayon nima bilan tugashini kuzatib, mablag' ajratmay qo'ygan edi. Endilikda yangi koalitsion hukumatda G'ani va Abdulla birga ishlay olishini ko'rsatishi lozim.
Your browser doesn’t support HTML5