Afg'on hukumati va Tolibon muzokara shartlari bo'yicha kelishib oldi

  • Amerika Ovozi

Afg'on hukumati va Tolibon muzokarachilari, Qatar, 2-dekabr, 2020

Afg’oniston hukumati va Tolibon tinchlik muzokaralarini davom ettirish uchun dastlabki kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bu muzokaralarning navbatdagi bosqichiga yo’l ochib beradi.

AQShning Afg’oniston bo’yicha vakili Zalmay Halilzodga ko’ra, tomonlar muzokara shart va qoidalarini o’z ichiga olgan uch betli hujjatni imzolagan. Uchrashuvlar bir necha oydan beri Qatar poytaxti Doxada o’tayapti.

BMTning Afg’oniston bo’yicha vakili Debra Layns “Twitter”da yozishicha, ushbu ijobiy yangilik “afg’on xalqi istagan tinchlikka erishish uchun tramplin vazifasini bajarishi kerak”.

Afg’onistonning o’zida esa xunrezlik davom etyapti. Tolibon sulhga ko’nganicha yo’q. 29-noyabr kuni G’azni viloyatidagi portlashda 30 askar halok bo’lgan.

O’tgan oy Tolibon ular bilan gaplashayotgan muzokarachilarning hukumat vakillari ekanini inkor etib, hujjatlarga qo’l qo’yishdan bosh tortgan edi. Jangari guruh Ashraf G’ani hukumatini tan olmaydi.

“G’arb hukumatlarining sabri tugayotganini, mamlakatga yordam shartli ravishda berilayotganini har ikki tomon yaxshi biladi. Shunday ekan, ikkala tomon ham oldinga siljishi kerak”, - deydi ismi oshkor etilishini istamagan Yevropa diplomatlaridan biri.

Buni ham ko'ring O'zbekiston: Afg'onistonda tinchlik o'rnatilishiga ishonamiz

Pokiston hukumati quyidagicha munosabat bildirdi:

“Kelishuv tomonlarning muloqot orqali bir to’xtamga kelish istagini aks ettiradi va muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanishiga hissa qo’shadi”.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo tomonlarni til topishgani uchun tabrikladi.

“Ushbu yutuq Afg’oniston va Tolibonning jiddiy yondashuvini, tafovutlarni yengishga va qiyin masalalarni hal qilishga qodir ekanini ko’rsatadi. 40 yildan beri davom etayotgan mojaro siyosiy yo’l bilan barham topishiga umid bor. Qo’shma Shtatlar mezbonlik uchun Qatardan minnatdor”, - deyiladi Pompeoning bayonotida.

AQSh va Tolibon joriy yilning fevralida imzolagan bitimga ko’ra, xorijiy kuchlar Afg’onistonni 2021-yilning mayigacha tark etishi lozim. Prezident Donald Tramp esa amerikalik askarlarning katta qismi yil oxirigacha vataniga qaytishini aytib kelmoqda. Afg’onistonda taxminan 2500 harbiy qolishi mumkin.

Germaniya esa NATO tashkilotini Afg’onistonni erta tark etmaslik haqida ogohlantirdi. “Qo’shin sonini qisqartirish muayyan shartlar asosida kechishi kerak”, - deydi Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas.

Britaniyaning Kobuldagi missiyasiga ko’ra, hozirda askarlar Afg’onistonda qolishiga eng katta to’siq zo’ravonlik darajasidir.

O’tgan hafta xalqaro donorlar kelasi to’rt yilda Afg’onistonga 12 milliard dollar va’da qildi, ammo ushbu yordam turli sohalarda, jumladan, tinchlik muzokaralarida progress bo’lishiga bog’liq.