Afg'onistondagi o'zbek matbuoti qanday muammolar bilan yuzlashmoqda?

Afg'onistonda o'zbek matbuoti ancha faollashgan. O'zbek tilida dasturlar beradigan radio, televideniye va nashrlar bor. Jurnalistlarning aytishicha, o'zbek matbuoti asta-sekin o'z o'rnini topayapti, lekin muammolar talay. Moliyaviy yetishmovchilik asosiy masala.

O'zbek tilidagi ommaviy axborot vositalari asosan shimoliy viloyatlarda. Faryob, Juzijon, Mozori Sharif, Taxor va Samangonda nufuzli radiolar eifrda, gazetalar chiqadi. Ba'zi telekanallarda o'zbek tilida yangiliklar, ijtimoiy-siyosiy mavzular yoritiladi. Milliy televideniyeda ham har kuni bir soatli dastur beriladi. Davlat radiosida ham shunday.

Faryob viloyati shimolidagi Andhuy tumanida faoliyat yuritayotgan "Turkiston FM" radiosi boshlig'i Zalmay Aziziy deydiki, bugun matbuot insonlar hayotining ajralmas bir qismiga aylangan. Ommaviy axborot vositalarining qay turi bo'lishidan qat’i nazar, o'z muxlislariga ega. Afg'onistonda o'zbek matbuoti hali yosh, muammo ko'p, deydi Aziziy.

Afg'onistonda o'zbek tilida chop etilayotgan "Ezgu tuyg'u" nashri

2001-yilda Tolibon hokimiyatdan ketganidan beri mamlakatda informatsiya bobida o’ziga xos o’zgarishlar yuz berdi.

"Hamid Karzay hukumati qurilganidan buyon Afg'oniston ikki sohada katta yutuqlarga ega bo'ldi. Birinchisi texnologiya, bugun yoshlar hatto qarilar internetdan foylanadi. Ikkinchi yutuq matbuot. Bu bo'limda ham qulaylik-imkoniyatlar yaratildi. Bu sohada odamlarning shaxsiy harakati juda ahamiyatli bo'ldi",- deydi Zalmay Aziziy.

Zalmay Aziziy fikricha, hukumat o'zbek matbuoti ravnaq topishi yo’lida yordam qilmayapti. Davlat televideniyesida ishlaydigan o'zbek xodimlari oz, ko'rsatuvlar eski bir ko'rinishda. Dastur tayyorlashda imkoyat juda oz. Bu o'sha yerda islaydigan odamlarning gapi, deydi u.

"Ba'zi odamlar borki o'zbek tiliga zarar yetkazish niyatida. O'sha taassubli kishilar. Til juda muhim narsa. Bizning tilimizni nishonga oladi. O'zbek tili mavjudligini tan ololmaydi. Lekin biz endi bunday harakatlardan deyarli zarar ko'rmaymiz, bu bosqichni o'tkazdik. Yana olg'a ketamiz ",- deydi “Turkiston FM” rahbari.

Faryob viloyatida efirga chiqayotgan Maymana radiosi mas'uli Nosir Ahmad O'zbeko'g'li ahvol juda og'ir, deydi. Ba'zi radiolar moliyaviy muammolar sabab to'xtab qoldi. Xodimlar yetishmaydi.

"Dasturlar tayyorlashda mutaxassislar oz. Shuning uchun o'zbek tilidagi materiallar sifatli chiqmayapti",- deydi O'zbeko'g'li.

"Ishonch" nashri Maymanada sakkiz yildan beri chop etiladi. Nashrda besh kishi ishlaydi.

Nashr mas'uli Humoyun Halimiyning qayd qilishicha, ko'pchilik internetga ulangan. Nashrlarni o'qiydiganlar bor, lekin ular kamchilik. Gazetani maktablar va oliygohlarga yetkazib berishadi.

"Davlat idoralariga ham yetib borayapti nashrimiz. Yoshlarimiz “Facebook” ka qiziqib nashrlarni o'qimayapti",- deydi Halimiy.

"Ezgu Tuyg'u" Shibirg'on shahridagi Bobur anjumaniga tegishli nashr. O'zbek tilidagi gazeta. Bosh muharrir Sayid Sirojiddin Qoniyning ta'kidlashicha, moliya har bir soha uchun muhim. Nashr ham aynan shunday muammo sabab cheklanib qolgan. Gazeta aslida oylik nashr edi, lekin ba'zida ikki oyda bir chiqadi.

"O'zbek tilidagi nashrlar haqida gapirar ekanmiz, Juzijonda faqat "Ezgu Tuyg'u" o'zbek tilida chiqadi. Markaz Kobuldan ham o'zbekcha maqolslar yozilgan "Vatandoron" nashri yetib kelmoqda, buning ham muxlislari bor. Odamlar befarq emas. Ona tiliga qiziqadiganlar ko'p",- deydi Sayid Sirojiddin Qoniy.

Faryoblik jurnalist Rashid Omon nazarida til va matbuot taqdiri siyosatga borib taqaladi. Kimdir ko’proq o’z manfaatini o’ylaydi, kimdir esa elati va ona tili kelajagi uchun kuyunadi.

"Prezidentning birinchi o'rinbosari (Abdulrashid Do’stum) o'zbek bo'lganligi sabab, ba'zi televideniyelarda o'zbekcha ko'rsatuvlar ochilgan. Boshqalar shu narsaga qiziqayapti. Yana ommaviy axborot orasida shundaylari borki ismlari o'zbekcha lekin boshqa tillarda faoliyat yuritadi. Bu tijorat",- deydi Rashid Omon.

Yana bir achchiq haqiqat shuki, notinch mamlakatda jurnalistlik qilish hayotingizni har lahza tahdid ostiga qo’yish bilan barobar. Ko’plab muxbirlar o’z hayotidan xavotirlanib, faoliyatini to'xtatgan. Chet el axborot vositalariga ishlaydiganlar ko’p hollarda jangarilar tomonidan nishonga olinadi. Xorijdagi tashkilotlar esa muxbirlarni himoya qila olmaydi.

Yanvar oyida "Tolo TV" xodimlariga xuruj qilinib, yetti kishi halok bo'lgan va bir necha odam jarohatlangan edi. Bu kabi voqealar jurnalistikaga chuqur va salbiy ta'sir ko’rsatadi.