Afg’onistonda aholini koronavirusga qarshi emlash boshlandi. Birinchi bosqichda harbiylar, tibbiyot xodimlari, jurnalistlar vaksina bilan ta’minlanmoqda.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlanmagan ushbu vaksina Hindiston davlatining Afg’onistonga ko’magidir.
Emlangan ayrim shaxslarda jiddiy alomatlar paydo bo’lgan.
“Vaksina olganimdan olti soat o’tib boshog’riq, isitma kabi holatlar paydo bo’ldi. Oyoq-qo’lim og’riy boshladi. Lekin hozir yaxshiman”, - deydi Fido Muhammad ismli fuqaro.
Vaksina ta’siri ba’zilarda og’ir, ayrimlarda esa yengil kechmoqda.
“Kecha soat 22:00 da salgina isitmam oshdi. Lekin zarar yetkazgani yo’q”, - deydi Ali Muhammad, emlangan fuqarolardan biri.
Sog’liqni saqlash rasmiylariga ko’ra, vaksinadan kelib chiqayotgan alomatlar xavfli emas.
“Emlash virusga qarshi immunitetni kuchaytiradi. Vaksina organizmga o’tishi bilan albatta reaksiya paydo bo’ladi, tashvish qilmaslik kerak”, - deydi Juzjon viloyatining sog’liqni saqlash idorasi rahbari Abdul G’affor Xushiyvol.
Aholi vaksina tufayli virus yo’q bo’lishiga umid qilmoqda.
“Koronavirus juda xafvli. U faqat Afg’onistonni emas, butun jahon ahlini qo’rqitgan, larzaga solgan. Bugun vaksinani oldim. Vaksina sababli odamlar shifo topib, kasallik yo’qolishini orzu qilaman”, - deydi Muhammad Sobir, harbiy.
Koronavirusga qarshi vaksinalash jarayoni ikki bosqichda bo’lib, ikkinchisi bir oydan keyin tatbiq etiladi.
Dunyo bo’ylab koronavirus hanuz katta xavf deb hisoblanayotganiga qaramay Afg’onistonda niqob taquvchilar, masofa saqlayotganlar va shifokorlar tavsiyalariga rioya qilayotganlar juda oz.