Afg’onistonda o’tgan bir hafta ichida qariyb 80 kishi jangari hujumlarida nobud bo’lgan. Odatda qish nisbatan tinch fasl hisoblanadi. Bahor yaqinlashar ekan, xurujlar yanada avj olishi mumkin.
Kuni kecha Qunduz viloyatida mahalliy idora oldida odamlar hujjat olish uchun kutib turganida bir kishi ularga yaqinlashib o’zini portlatib yuborgan. 30 afg’on o’lib, 40 dan ziyod fuqaro jarohatlangan.
Mamlakat shimoli ancha tinch deb kelinayotgan bir paytda bunday qonli voqealar hammani oyoqqa turg’azmoqda. Qunduzda yaqinda bir tuman hokimi o’ldirib ketildi, o’tgan yil oxirida esa viloyat hokimi va 19 odam jangari xurujida halok bo’lgan edi.
O’tgan shanba kuni Afg’oniston sharqidagi Jalolobod shahrida toliblar bir bankka kirib o’zini portlatgan. Voqea 40 kishini hayotdan olib ketgan. O’lganlarning aksariyati oyligini olishga kelgan xavfsizlik xizmatchilari bo’lgan.
Bu orada NATO va markaziy hukumat xalqaro koalitsiyaning Tolibonga qarshi hujumlarida fuqarolar halok bo’lganligi ustidan tekshiruv boshlagan. NATO Nangarhor viloyatidagi operatsiyalarda begunoh insonlarning qoni to’kilganidan afsusda. To’rt go’dak va bir qariya hayoti haqida gap ketmoqda.
Sharqiy Kunar viloyatida 64 kishi o’lganida ham xalqaro qo’shinlar ayblanmoqda.
Prezident Hamid Karzayning so’zlovchisi Vohid Umar deydiki, bu voqealar izchil tergov qilinib, tegishli shaxslar javobgarlikka tortiladi.
"Vilioyat rahbarlari berayotgan ma’lumotlarni ko’rib chiqayapmiz. Ular guvohlar aytayotgan gaplarga mos kelmoqda”,- deydi Vohid Umar.
Lekin NATO generali Josef Blotz xalqaro koalitsiya qo’lida fuqarolar o’lgani haqida biror dalil-isbot yo’q deydi. Halok bo’lganlar toliblar ekani aniq, deydi general. NATO haqiqat qaror topishi uchun afg’on hukumati bilan ishlashga tayyor.
“17 fevral kungi amaliyotda nishonga olingan joylarda, da’vo qilinayotganidek bolalar bo’lgan emas. U yerda qurollangan guruh, ya’ni jangarilar yashiringani haqida aniq ma’lumotlarga ega edik”,- deydi NATO vakili.
Shimoliy alyans berayotgan hisobotga ko’ra, toliblar oddiy fuqarolardan qalqon sifatida foydalanishda davom etmoqda. “Lekin biz har bir hujumni juda ehtiyotkorlik bilan rejalayapmiz”, - deydi general Blotz.
Oddiy odamlar o’ldi degan mish-mishlarni toliblar va ularning tarafdorlari tarqatadi, deydi harbiy.
Afg’on hukumati xalqaro koalitsiya, xususan AQSh qo’shinlarini loqaydlikda ayblab keladi. Prezident Karzay har safar urush haqida gapirganida, Amerikani bu borada tanqid qiladi.
Qo’shinlarning bunga javobi shuki, Tolibon ancha holdan toygan va endilikda qurol bilan jang qilmay, ommani hukumat va xalqaro koalitsiyaga qarshi qayrash uchun “ular sizni o’ldirayapti” deya propaganda olib bormoqda.
General Blotzning tushuntirishicha, jangarilar mahalliy armiya va koalitsiya bilan avvalgidek olisha olmayapti. Bugun ular asosan suiqasd portlashlar uyushtirish va mish-mish tarqatishga o’tgan, deydi harbiy.
Markaziy hukumat esa hokimlarga, mahalliy rasmiylar berayotgan hisobotga tayanishini aytadi.