Afg’onistonda giyohvandlar ko’p. BMT hisobicha, 30 million aholidan 1,6 millioni narkotiklarga mukkasidan ketgan. Ularning 15 foizi xotin-qizlar. Boshqa qator sohalar kabi sog’liqni saqlash tizimi ham nochor.
Your browser doesn’t support HTML5
Hukumatning bu xususdagi faoliyati juda sekin. Ayrim hollarda odamlar ishsizlik va qashshoqlik sabab giyohvanlikka beriladi. Ba’zilar bu narsani xorijda o’rgangan, boshqalar uchun esa bu ko’cha-kuydagi oddiy manzara. Narkotik moddalar iste’moliga hatto muammo deb ham qarashmaydi.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan bir afg’on ismi sir qolishini so’raydi. Kristal chekishni u qamoqxonada o’rgangan ekan. Boshqa mahbuslar bu moddani suvga qo’shib yashirincha ichirishgan, deydi u. Endi chekmasa, dard tutadi.
“Chekmasam, badanim kaltaklanganidek og’ir ahvolga tushadi. Cheksak, bir oz yaxshiroq bo’lamiz. Sotadiganlarni hamma taniydi. Men aytolmayman, aytsam qaytib menga sotmaydi. Jonimizni og’ritgandan ko’ra bir dud chekkanim g’animat”,- deydi giyohvand.
Giyohvand kishilar chekish uchun pulni tilanchilik qilib topadi yoki mayda-chuyda narsalarni o’g’irlab sotadi.
O’zini Tavakkal deb tanishtirgan yana bir mu’tod kishi kristalga odat qilganini aytadi. Chekishni Eronga borganida boshlagan.
“Biz odamgarchilikdan chiqqanmiz. O’tgan-qaytgan ham, bolalar ham bizning ustimizdan kulishadi. Juda yomon narsa ekan, hech kimni bunga yo’liqtirmasin”,- deydi Tavakkal.
Juzijon viloyatida giyohvandlarga qaraydigan kasalxona rahbari doktor Abdulg’affor Xushivolning aytishicha, Shibirg’ondagi bo’limda 50 kishi davolanadi, ulardan 12 nafari ayollar va bolalar. Har bir kishiga kunlik muolaja 2 dollarga tushadi. Pulni hukumat to’laydi.
“Giyohvand kishilarga 45 kunga qadar jiddiy qaraladi. Har bir kishi uch bosqichni boshidan kechirishi zarur. Kasalxonadan chiqishi bilan o’sha odam o’zini ehtiyot qilishi shart”,- deydi doktor Abdulg’affor Xushivol.
Savodsizlik ham giyohvandlikning asosiy sabablaridan. Qishloq joylardagi savodsiz onalar bolalarini uxlatish uchun ularga oz miqdorda taryak berishadi. Azaliy odat, deydi shifokor.
Giyohvandlikdan qutulishni xohlaydiganlar ko’p. Lekin taryak va kristalni tark etish uchun odamga kuchli iroda kerak.
“Boshqalargan ham aytamanki, kelsin shu yerga kelib darmon qilishsin. Hamma imkoniyat bor. Non-osh berishadi. Voleybol, musiqa, masjid, hamma narsa bor”,- deydi Xayr Muhammad degan bemor.
Muolaja foyda berar ekan, deydi “Amerika Ovozi” bilan so’zlashgan yana bir afg’on.
“Bu yerga kelganimga 32 kun bo’ldi. Xudoga shukr juda yaxshi ta’sir qilgan”,- deydi faryoblik Muhammas Iso.
Chars, taryak va kiristlal erkin sotiladi. Sotib olish juda oson. Odamlar hayotini barbod qiladigan moddalar ta’minoti katta jinoiy tizim. Ko’plar uning ichiga kirib ketib, normal hayotga qaytishga qiynaladi.
Ayol giyohvandlar uchun tibbiy markazlar juda oz. Ko’plab viloyatlarda bunday kasalxonalar umuman mavjud emas.