Afg'onistonda armiya generali o'ldirib ketildi

  • Amerika Ovozi

Afg'on qurolli kuchlari

Tolibonning xudkush bombachilari Qandahor viloyatida armiyaning yetakchi generallaridan biri va uning qo'riqchisini o'ldirgan.

Tanasiga bomba yashirilgan uch qurolli shaxs general Xon Og'aning Dand tumanidagi uyiga kirib, u yerdagilarni ota boshlagan. Qo'riqchilar javob qaytarib, o'q uzishni boshlagach, toliblar o'zlarini portlatib yuborgan. Xurujda generalning o'smir o'g'li og'ir yaralangan.

205-Atal harbiy korpusi qo'mondoni o'rinbosari bo'lgan Xon Og'a uyida tez-tez mehmonlarni qabul qilib turgan. Xudkush hujumchilar ham u yerga mehmonlar sifatida kirgani aytilmoqda.

Viloyatning Arg'andab tumanida yuz bergan boshqa bir xurujda kamida yetti politsiyachi o'ldirib ketilgan. Rasmiylarning aytishicha, ular uxlab yotgan payt hamkasblaridan uch nafari tomonidan otib tashlangan. Hujumni amalga oshirganlar bu yerdagi qurol va o'q-dorilarni olib qochib ketgan.

Halok bo'lgan politsiyachilar olti yil muqaddam qishloq va mahallalarni qo'riqlash uchun tashkil etlgan mahalliy jamoatchilik politsiyasida ishlagan.

Tolibon so'zlovchisi xurujlarni Tolibon uyushtirganini tan oldi.