Kobuldagi hujumda 30 dan oshiq odam halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston poytaxti Kobulda qurollangan shaxslar siyosatchilar ishtirokida o’tayotgan tadbirda o’t ochib, kamida 32 odamni o’ldirgan, taxminan 60 nafari jarohatlangan. Mamlakat Bosh vaziri Abdulla Abdulla omon qolgan.

Hech bir guruh javobgarlikni o’z bo’yniga olgani yo’q. O’tgan hafta AQSh bilan tinchlik bitimini imzolangan Tolibon voqeaga aloqamiz yo’q, demoqda.

Guvohlarga ko’ra, shia yetakchilaridan birining xotirasiga bag’ishlangan tadbirda Sobiq vitse-prezident Karim Haliliy so’zlayotgan payt otishma boshlangan. O’lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor.

Uch hujumchi maxsus kuchlar tomonidan o’ldirilgan. Shialarning tadbirlari va ziyoratgohlariga qarshi amalga oshirilgan avvagi xurujlarni “Islomiy davlat” guruhining “Xuroson viloyati” deb nomlangan bo’limi o’z bo’yniga olgan.

Tadbirda Afg’oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla va sobiq Prezident Hamid Karzay ham ishtirok etayotgan bo’lgan. Har ikkisi omon qolgani xabar qilinmoqda, biroq sobiq gubernatorlardan biri yaralangan.

Prezident Ashraf G’ani hujumni “insoniyatga qarshi jinoyat” deya qoralamoqda.

Shialar yetakchisi Abdul Ali Mazarini xotirlash marosimi o’tgan yili ham hujumga uchrab, 10 dan oshiq odam halok bo’lgan edi. O’shanda “Islomiy davlat” hujumni uyushtirganini tan olgan.

AQSh-Tolibon kelishuvi

Kobulda ro’y bergan ushbu qonli hujum AQSh va Tolibon o’rtasida Qatarda tinchlik kelishuvi imzolanganidan beri birinchisi. Kelishuv doirasida AQSh va NATO kelasi 14 oy mobaynida Afg’onistondan taxminan 13 ming sonli qo’shinlarini olib chiqishi, Tolibon esa afg’on hukumati bilan muzokaraga kirishishi kerak.

Biroq tarixiy hujjat imzolanishidan bir kun ham o’tmasdan Prezident Ashraf G’ani Tolibon asirlarini ozod etish to’g’risidagi bandidan norozi ekanini aytdi.

Kelishuvga ko’ra, uzoq yillardan buyon nizolashib kelayotgan guruhlar o’rtasida yuzma-yuz muzokara 10-mart kuni boshlanishi uchun, Afg’oniston qamoqxonalaridagi 5000 jangari hamda Tolibon asirda saqlayotgan 1000 askar ozod etilishi lozim.

“Agar shartlar bajarilsa va mahbuslar ozod etilsa, Tolibon 10-mart kuni muzokara stoliga o’tirishga tayyor”, - deydi harakat so’zlovchisi Suxail Shahin.

AQSh-Tolibon bitimida, shuningdek, bir-biriga hujum qilmaslik va shaharlarda suiqasd hujumlarini amalga oshirmaslik belgilangan.