Afg'onistondagi xurujda AQShning ikki harbiysi nobud bo'lgan

  • Amerika Ovozi

AQShning Afg'onistondagi harbiy qo'mondonligi afg'on askarining hujumi natijasida kamida ikki amerikalik harbiy halok bo'lganini, olti nafari jarohat olganini tasdiqlamoqda. Qo'mondonlik matbuot kotibi polkovnik Sonni Leggetning aytishicha, voqea sharqdagi Nangarhor viloyati Sherzod tumanida ro'y bergan.

“Afg'on harbiy formasini kiygan shaxs tuman markazidagi mashg'ulotlar yakunida AQSh va afg'on askarlarini pulemyotdan nishonga oldi. Hujum sabablarini o'rganyapmiz", - dedi u.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi hodisada bir afg'on harbiysi o'lganini, uch kishi yaralanganini ham ma'lum qildi. Nangarhor hokimi Shoh Mahmud Miaxelning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, otishmada hujum qilgan odamning o'zi ham o'lgan.

Voqea sabablari aniq emas, deydi u - otishma tushunmovchilik oqibatida chiqqanmi, askar jangarilar ta'siriga tushganmi yoki Tolibon ataylab armiya safiga o’z odamini suqqanmi, aniqlanmoqda.

Nangarhor viloyati qo’shni Pokiston bilan chegaradosh bo’lib, ayrim tumanlari Tolibon nazoratida, ayrimlarida esa “Islomiy davlat” terror guruhi jangarilari qo’nim topgan.

Afg’onistonda AQShning taxminan 13 ming askari bor. Ba’zilari aksilterror amaliyotlari bilan mashg’ul, bir qismi esa NATO missiyasi doirasida koalitsiyaning bir necha ming sonli qo’shini bilan birgalikda afg’on askarlarini harbiy tayyorgarlikdan o’tkazadi, Tolibonga qarshi kurashda maslahat beradi.

AQSh Kongressida respublikachi senator Rend Pol qo’shinlarni Afg’onistondan ancha oldin chiqarish kerak edi, deydi.

“Salkam 20 yillik missiyada g’alabaga erishganimizni e’tirof etib, askarlarimizni vatanga qaytarish lozim”, - dedi u.

Qo’shma Shtatlar bir necha oydan beri shu maqsadda Tolibon bilan muzokara qilmoqda, biroq hozircha natijasiz.

Bu o’rtada Afg’oniston janubidagi Hilmand viloyatida portlovchi modda solingan mashinada ketayotgan bir odam o’zini Gereshk tumanidagi politsiya markazida portlatib, kamida olti posbonni qurbon qilgan.

Gereshk tuman politsiya boshlig’i Ismoil Xpalvakning aytishicha, AQShda ishlab chiqarilgan “Xamvi” harbiy tansport vositasini boshqargan suiqasd bombachi aslida katta bozorda xuruj qilmoqchi bo’lgan, ammo politsiya iziga tushganini bilib, portlovchi moslamani erta harakatga keltirgan.

Tolibon o’z bayonotida xuruj uning ishi ekanini bildirgan.