Xalqaro koalitsiya qo'shinlari Afg'onistonni shu yil oxirigacha tark etishi kutilar ekan, mamlakat, xususan, mintaqa kelajagi yuzasidan xavotirlar kuchli. Markaziy Osiyo davlatlari Afg'onistonni beqarorlik manbai sifatida ko'radi. AQSh esa mintaqani Afg'onistonning oyoqqa turib olishiga yordam berishga chaqirib kelmoqda. Qo’shni mamlakatlar va Afg'oniston o’rtasidagi aloqalarning buguni va istiqboli qanday?
Your browser doesn’t support HTML5
Qo'shni yurt uzoq yillardan beri beqaror ekaniga qaramay, Markaziy Osiyo nisbatan tinch. Hududga Afg'onistondan jangarilarning suqilib kirishi haqidagi xavotirlar ko’p hollarda bo'rttirilgan, deydi mintaqada yashab ilmiy izlanishlar olib borayotgan, ayni paytda Kobulda faoliyat yuritayotgan tadqiqotchi Kristian Bleur.
Olim Afg’oniston tahlilchilari tarmog’i degan tashkilot vakili. Afg'oniston va Markaziy Osiyo Sovet ittifoqining bosqini sabab bir-biridan yanada uzoqlashgan, deydi u.
"Sovet ittifoqining kirishi Afg’oniston va Markaziy Osiyo jamiyatlarida ulkan o’zgarish yasadi. Kutilmagan natijalarga olib borgan. Til va dinda o’xshashliklar bo’lishiga qaramay, shimoliy Afg’oniston va Markaziy Osiyo iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jabhalarda bir-biridan butunlay uzilib qoldi", - deydi Bleur.
Xalqlar o’rtasida madaniy-ijtimoiy rishtalar, real olib qaraganda, deyarli yo’q. Markaziy Osiyo ahli qo’shni o’lkada nimalar bo’layotganidan mutlaqo bexabar yoki unchalik qiziqmaydi, deya kuzatadi olim.
“Masalan, tojikistonliklar uchun afg’onlar orqa qo’shni. Lekin ularning kundalik hayotida bu xalq haqida deyarli hech narsa uchramaydi. Afg’onistondan qo’rquv ham yo’q... Chegara borligini bilishadi, xolos”, - deydi ekspert.
Sovet ittifoqi Afg’onistonni 1989-yilda tark etdi. Ko’p o’tmay, kommunist imperiya qulab, Markaziy Osiyoda besh mustaqil davlat dunyo yuzini ko’rdi.
Shundan so’ng Afg’oniston va mintaqa o’rtasida aloqalarni kuchaytirish imkoniyati paydo bo’ldi. Ammo bu umidlar puchga chiqdi, deydi Bleur.
“Afg’onistonda fuqarolar urushi boshlanib ketdi. Ichki muammolar ko’paydi. Markaziy Osiyoning ham o’z muammolari bor edi. 1990-yillar mobaynida mintaqada integratsiyaga intilish hamda savdo tarmoqlarini yaratish haqida tasavvur ham tug’ilmadi”, - deydi tadqiqotchi.
Hukumatlar esa Afg’oniston bilan hamkorlikdan o’zlarini olib qochib, chegarani mustahkamlay boshladi.
“Bu ishda Turkmaniston va O’zbekiston ma’lum muvaffaqiyatga erishdi. Ular chegaralarini yaxshilab to’sib oldi. Tojikistonni bu borada biroz omadsiz deyish mumkin. Mamlakatda boshlangan fuqarolar urushi keyinchalik Afg’onistondagi beqarorlik bilan ulanib ketdi”, - deydi Bleur.
2001-yil oxirida AQSh Afg’onistonga qo’shin olib kirgach, Markaziy Osiyo terrorizmga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo’shilib, Amerikaga ochiq ko’mak ko’rsata boshladi. O’zbekiston Xonoboddagi bazasini AQSh ixtiyoriga berdi.
Shuningdek, Qirg’izistonning Manas bazasi ham muhim tranzit markazi vazifasini o’tadi. AQSh hozirda bu inshootlarni tark etgan, ammo Germaniya Afg’onistondagi amaliyotlar uchun hanuz Termizdagi aviabazadan foydalanadi.
Tolibon hokimiyatdan ag’darilgach, qo’shni o’lkalar uchun Afg’oniston bilan aloqalarni jonlantirish imkoniyati paydo bo’ldi.
“Afsuski, o’rtada boshqa salbiy holatlar yuzaga keldi. 2001-yildan so’ng qoradori savdosi keskin oshib ketdi. Narkotiklar Turkiya, Eron va Bolqo yarimoroli orqali ham olib o’tiladi. Lekin 2001-yildan beri Markaziy Osiyo yo’lagida qatnov jonlandi”,- deydi tahlilchi.
Uning xulosa qilishicha, TAPI - Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston va Hindistonni bir-biriga bog’lovchi gaz quvuri mintaqaviy hamkorlikni oshiruvchi yirik loyiha deb qaralsa-da, hali biror samara bergani yo’q.
Afg’oniston nisbatan tinchlikka yuz tutib, doimiy hukumatga ega bo’lganidan so’ng ham mintaqa davlatlari Kobul bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarni mustahkamlash yo’lidan borayotgani yo’q. Ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmining juda kichikligi bunga yaqqol misol, deydi Kristian Bleur.
O’zbekiston hukumati urush yillarida shimoliy Afg’onistondagi o’zbeklar yetakchisi Abdurashid Do’stumni dastaklab kelgani ma’lum. Nufuzli qo’mondon bo’lgan Do’stum so’nggi prezidentlik saylovlarida siyosiy maslakdoshi Ashraf G’ani g’alaba qozonishi ortidan Afg’oniston vitse-prezidenti etib tayinlandi. Xo’sh, bu rasmiy Toshkent va Kobulni bir-biriga yaqinlashtira oladimi?
“Tashabbus ko’proq O’zbekiston tomonidan chiqishi kerak. Agar ular aloqalarni kuchaytirishni istasa, buni qilishlari mumkin. Do’stumning yangi hukumat tarkibida qanchalik ta’sir kuchiga ega ekani hali ma’lum emas. Uning Toshkent bilan yaqinligi to’g’ri, lekin Karzay amalga oshira olmagan ishni u qila olishiga ko’zim yetmaydi. Boshqa tomondan, agar aloqalar yaxshilansa, O’zbekiston Afg’onistonga gaz va elektr sotishdan manfaatdor bo’lishi mumkin”, - deydi Bleur.
Afg’oniston kelajagi hanuz mavhum qolar ekan, tahlilchining yaqin orada Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarda biror katta yangilik bo’lishiga ko’zi yetmaydi.