Afg’onistonda 2014-yilda o’tkazilgan prezident saylovi murosasiz kelishmovchiliklar domiga tortilgach, AQSh vositachiligida “Milliy Birdamlik” hukumati tuzilgan edi. Unda eng ko’p ovoz olgan nomzodlar - Ashraf G’ani prezident, Abdulla Abdulla esa bosh ijrochi rais deb e’lon qilindi. Imzolangan siyosiy bitimga ko’ra, hukumat saylov komissiyalarini isloh qilishi va ketidan parlament saylovi o’tkazilishi kerak. Lekin qariyb ikki yarim yil o’tib, endigina mustaqil saylov komissiyasi va saylov shikoyatlari bo’yicha mustaqil komissiya a’zolari ish boshlamoqda.
22-noyabr kuni ish boshlagan komissiya azolari hozir parlament saylovi uchun tayyorgarlik ko’rishi kerak.
“Sa’y-harakatlar natijasida mustaqil saylov komissiyalari a’zolarini tanishtirishga muvaffaq bo’ldik. Bu, albatta, xalqning ishonchini qozongan saylov uchun yangi bir qadamdir”, - deydi Prezident Ashraf G’ani.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti afg’on hukumatining bu ishiga ijobiy munosabat bildirmoqda. BMTning Afg’onistondagi siyosiy idorasi tomonidan berilgan bayonotga ko’ra, yangi komissarlar endi parlament saylovi qachon o’tkazilishi kerakligini aniqlashi zarur.
“Afg’on xalqi va xorijiy hamkorlarimiz bizni kuzatib bormoqda. Birlik va birdamlikni saqlagan holda, ishlarimizni bajarib, mavjud qiyinchiliklarga barham berishimizni kutmoqda”, - deydi Bosh vazir Abdulla Abdulla.
Saylov ishlarini kuzatuvchi tashkilotlar esa komissar etib tayinlangan odamlar zarur tajriba va malakaga ega emas, deya tashvishda.
Ularga ko’ra, hukumat saylov ishlariga bevosita aralashgan. Bu kelasi saylovlar uchun zararli, deydi kuzatuvchilar.
“Tajriba va mahorat bo’lmasa, saylovni boshqara olishi mumkin emas. Siyosiy aralashuvlar qiyinchilikni hal etish o’rniga, muammoni yana ko’paytiradi”, - deydi Naim Ayubzoda.
Xo'sh, saylov taqdiri nima bo’ladi?
“Hukumat rahbarlari allaqachon o’zlarining odamini ishga solmoqda. Mening manfaatimga ishla, deb buyruq beradi, ularga", - deydi mahalliy jurnalist Muhammad Rasul Sirdosh.
Jurnalist nazarida, hukumat va saylov komissiyasi o’z ahamiyatini, o’rnini, qolaversa, ishonchini yo’qotgan.
“Hukumat 99 foiz ishonchini boy bergan. Agar kelasi saylovlarda taraflar o’zi yig’gan ovozini nazorat qila olsa, bu safargi saylovdan qoniqarli natija hosil bo’lsa, odamlar hukumat va saylov komissiyalariga yana ishonishi mumkin”,- deydi Sirdosh.
“Milliy Birdamlik” hukumati tashkil qilinganidan so’ng, saylov qonuniga o’zgartirish kiritilgan. Yangi qonunga ko’ra, saylovda soxtakorlik harakati jinoyat hisoblanadi.