Afg'onistonda janglar oqibatida minglab oilalar sargardon

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonning markaziy-sharqiy qismlarida bir necha kundan beri davom etayotgan janglar sabab gumanitar vaziyat yomonlashgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizolashayotgan tomonlarni hududni tark etishga urinayotgan fuqarolar uchun yo'l ochib berishga chaqirmoqda.

Tolibon va shia hazoralar o'rtasida harbiy harakatlar noyabr boshida Uruzgon viloyatida boshlangan edi, qo'shni G'azni viloyatiga ham tarqalgan.

Afg'oniston xavfsizlik kuchlari va jangarilardan o'nlab odam halok bo'lgani ma'lum. Hukumat quvvatlayotgan guruhlar yerdan ham, havodan ham hujumlarga zo'r bermoqda.

"Jang ketayotgan tumanlarda ahvol og'ir, oilalar xavfsiz joy topaman deb sargardon", deyiladi BMT gumanitar agentligi bayonotida. Tashkilot jamoalar o'rtasidagi ziddiyatlarni mojaro sababi deb biladi.

Urush maydonidan kelayotgan xabarlarga ko'ra, uylar yoqib yuborilgan, oddiy odamlarga tegishli mashinalar o'g'irlangan yoki musodara qilingan. Uyini tashlab chiqqan oilalar qahraton bilan yuzlashadi. Yuzlab qochqinlar Bomiyon va Maydan Vardak viloyatlarida, ba'zilari Kobulga ko'chgan.

Gumanitar xodimlarning aytishicha, G'azni poytaxtiga olib boradigan ta'minot yo'llari yopiq, telekommunikatsiya tarmoqlari uzilgan, bu esa mahalliy bozorlarda yoqilg'i, oziq-ovqat va dori-darmon topishni qiyinlashtiradi.

O'tgan ikki kunda G'azni poytaxtida 1000 oila ro'yxatdan o'tgan - ular maktablarda, masjidlarda va mahalliy oilalarda yashamoqda. BMT ma'lumotiga ko'ra, yana 4000 oila G'azni shahri va Kobul tomon yo'nalmoqda.

Afg'oniston Mudofaa vaziri Tariq Shoh Bahromiyning tan olishicha, cheklangan resurslarga ega hukumat qo'shinlari to'qqiz viloyatda, jumladan G'azni va Uruzgonda, "yuqori darajali xavf" bilan yuzlashmoqda.

Oxirgi oylarda afg'on xavfsizlik kuchlari orasida talafotlar katta. 2015-yildan beri Tolibon bilan janglarda 28500 askar halok bo'lgan.