Afg’oniston armiyasi “Islomiy davlat”ni quvib solmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident G’ani Kobulda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan matbuot anjumanida. Stoltenberg ikki kunlik safar bilan Kobulda.

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani mamlakat xavfsizlik kuchlari oyoqqa turib, shimolda jangarilarni chekinishga majbur qilganidan mamnun. Bahor kelib kunlar isiganida “Islomiy davlat” va Tolibon jangarilari faollashsa-da, ularni quvishga muvaffaq bo'ldik, deydi u.

“Ishonch bilan aytishim mumkinki, Nangarhorda Daish ("Islomiy davlat") to’dasi tumtaraqay qochgan. Yashiringani joy topa olmayapti”, - dedi G’ani Kobulda bugun, seshanba kuni jurnalistlar bilan muloqot paytida.

Nangarhor viloyatida “Islomiy davlat” in qurishga va o’sha yerdan turib ekstremist g’oyalarni beqaror yurtning har burchagiga targ’ib qilishga harakat qilgan. Yaqin Sharqdan tomir otgan bu terror guruhi Afg’oniston, Pokiston va Eronning bir qismini o’zining Xuroson mintaqasi deya ta’riflab keladi.

“Nangarhor ahliga viloyatning bir siqimini ham Daishga berib qo’ymayman, deya va’da qilganman va buning uddasidan chiqdik. Havo kuchlari va piyoda askarlar mahalliy aholi yordamida buni uddaladi. Iste’fodagi harbiylardan chamasi 750 kishi bir kundayoq diviziyaga birlashib, jangarilarni qochirdi”, - dedi G’ani Kobulda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan matbuot anjumanida. Stoltenberg ikki kunlik safar bilan Kobulda.

NATO rahbari Afg’oniston armiyasining oxirgi oylardagi yutuqlarini olqishladi va alyans bu davlatni moliyaviy jihatdan hamda mashqlar bilan qo’llashda davom etadi, dedi. U NATO Afg’onistonda to’laqonli harbiy amaliyotlarga qaytadi degan taxminlarni rad etdi.

Amerika boshliq xalqaro koalitsiya Afg’onistondagi missiyasini 2014-yilning dekabrida tamomlagan. Mamlakatda qolayotgan 13 ming qo’shin faqat mashg'ulotlar, maslahat va yordam bilan cheklanmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, afg’on armiyasi xalqaro kuchlarning yordamida “Islomiy davlat”ni siquvga olgani sari jangarilar Nangarhor tomon, Pokiston bilan chegaraga qocha boshlagan. BMT Xavfsizlik Kengashi mazkur xabarni alohida majlisda muhokama qildi.

Prezident G’ani joriy yil boshidan beri armiya Kobul va shimoliy viloyatlarni jangarilardan ancha tozalashga muvaffaq bo’lganini aytadi. U, shuningdek, isyonkor guruhlarni qurolini tashlashga va hukumat bilan murosaga da’vat etdi. Qo’shni Pokistonni toliblar yashiringan makon deya bevosita tilga olmasa-da, G’ani mintaqa davlatlariga tinchlik asosiy ne’mat ekanini eslatdi.

“Eslataman, urushning o’zidan naf yo’q. Barqarorlik, tinchlik, farovonlik maqsadimiz. Mojaroga hissa qo’shayotgan davlatlar va to’dalarni esini yig’ishga, tinchlikka bosh qo’shishga undayman. Terrorchilarni moliyalash oxir-oqibat o’zingizning boshingizni yeydi”, - dedi G’ani.

Tolibon va Afg’oniston rahbariyati o’rtasida oy boshida Pokistonda muzokaralar o’tishi kerak edi. Lekin jangarilar muloqotda qatnashishdan bosh tortdi.

Buning ortidan Afg’oniston joriy yil o’tgan yilgidan ham ko’p zo’ravonlik, qon ko’radi degan xavotirlar oshdi. O’tgan yili mamlakat xavfsizlik kuchlari qattiq talofat yeb, 3500 tinch fuqaro nobud bo’lgan edi. Oqibatda Tolibon har qachongidan kattaroq hududlarni egalladi.

Biroq Prezident G’ani tinchlik muzokaralari quladi, deya xulosa qilishga shoshmaslikka chaqirmoqda.