Afg'oniston Senati shu kunlarda yangi tekshiruv boshladi. Tolibon, Eron va Rossiya orasidagi rishtalar o'rganilmoqda.
"Rossiya va Eron Tolibon bilan hamkorlik qilayotganini isbotlovchi ma'lumotlarga egamiz", - deydi Fazal Hadi Muslimyor, Senat raisi.
Eron esa azaldan toliblar va mujohidlarga boshpana berib keladi. Vatandan qochgan afg'on liderlar islomiy respublikada yashaydi.
"Yazd, Karmin va Mashhad afg'on qo'mondonlar va nufuzli arboblarni o'z bag'riga olgan", - deydi Asif Nang, Faroh viloyati hokimi.
Faroh viloyatidagi janglarda halok bo'lgan jangarilarning jasadlari Eronga ketadi va ularning oilalariga topshiriladi. Ular o'sha yerda dafn etiladi. Farohda kamida besh ming tolib bor.
Kobulning shikoyati shuki, Tolibon Eronga bemalol kirib chiqadi.
“Ayniqsa shu kunlarda qatnov yanada jadallashgan”, - deydi Jamoliddin ismli afg'on qochqin.
Afg'on hukumatiga ko'ra, Tolibon oldindan Erondan ilg'or qurollar olib keladi. Tehron ta'minotni hatto yashirmaydi ham, deydi masala bilan tanish qonunchilar.
Paktika viloyatidan qonunchi Jumadin Gayanvol:
“Eron tank va samolyotlarni yo'q qilishga qodir vositalarni toliblarga uzatmoqda".
Tehron bu iddaolarni rad etib, Kobul bilan yaqindan ishlayotganini bildiradi. Biroq afg'on rasmiylari buni inkor qiladi.
Eron 1990-yillar boshida Tolibon harakati vujudga kelganida unga tahdid deb qaragan. Biroq 2000-yillar boshiga borib, undan hayiqmay qolgan.
AQSh Afg'onistonga kirgani Eron uchun ulkan xavf tug'dirgan, chunki u yerdan turib, Tehronga qarshi urush ham boshlash mumkin deb hisoblashgan, deydi Fotima Omon, mintaqaviy tahlilchi.
Eron va Tojikiston bilan apoq-chapoq Rossiya Tolibon bilan anchadan beri muloqotda.
Prezident Vladimir Putin Afg'onistonga Zamir Qobulovni maxsus elchi sifatida tayinlab, unga toliblar bilan tinchlik muzokaralari olib borishni buyurgan. Rossiya o'z manfaatlarini o'ylamoqda, deydi Putin. Bu manfaatlardan biri, deya tushuntiradi rus rasmiylar, terrorizmga qarshi kurash.
“Tolibon bilan gaplashishimizdan maqsad uni qurolni tashlab, murosaga ko'ndirish", - deydi Qobulov.
“Tolibon Afg'onistonda "Islomiy davlat" ga qarshi kurashmoqda. "Islomiy davlat" - hammamizning dushmanimiz".
Lekin afg'on hukumati nazarida Rossiyaning bu masalaga aralashishiga hojat yo'q. 1979-1989 yillarda mujohidlar bilan olishib, urushni boy bergan SSSR 1991-yilda parchalangan. Rossiya uning asosiy merosxo'ridir. Afg'onlar orasida ruslarga nisbatan nafrat so'nmagan va Moskvaga nayrangboz kuch deb qarashadi.
“Bizning dushmanimizni quvvatlayotgan tomonlar bizning tinchligimizni o'ylayotgani yo'q. Uzoq muddatda hamma zarar ko'radi, mintaqaviy tahdid kuchayadi", - deydi Shakib Mustag'ni, Afg'oniston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi.