Afg'oniston yangi hukumati Pokiston bilan iqtisodiy aloqalarni yaxshilash orqali ikki tomonlama taranglikni yumshatib, terrorga qarshi kurashda hamkorlikni oshirishga umid qilmoqda. Islomoboddagi muxbirimiz Ayoz Gulning xabar berishicha, Pokiston rahbarlari ham aloqalar tiklanishini istaydi va tushunmovchiliklarni birgalikda hal etishga tayyor.
Afg'onistonda prezidentlikka saylangan Ashraf G'ani o'tmishda Jahon bankida iqtisodchi bo'lib ishlagan, bu sohani yaxshi tushunadi. Dushanbadan boshlab u rasman yangi lavozimiga kirishadi. U qator vazifa va muammolarni hal etishi kerak bo'ladi. Shulardan biri qo'shni Pokiston bilan siyosiy aloqalarni, ishonchni tiklash.
Yangi prezidentning matbuot kotibi Abbos No'yonning aytishicha, G'ani ichki va tashqi siyosatni yuritishda o'zining iqtisodiy tajribasiga tayanadi. U Pokiston bilan konstruktiv muloqot olib borishga tayyor, deydi rasmiy.
"Doktor Ashraf G'ani va uning jamoasi Pokiston va boshqa qo'shni davlatlar bilan munosabatlar do'stona va yaqin bo'lishini istaydi. Hech biri bilan taranglikni xohlamaymiz. Bundan foyda yo'q. Pokiston bilan aloqa yaxshi bo'lishiga umid qilamiz. Qo'shma korxonalar, loyihalar orqali bir-birimizga yordam berishni istaymiz. Bizda suv mo'l, Pokistonda elektr quvvati tanqis. Demak, har ikki tomonga foyda keltiruvchi qo'shma loyiha yaratishimiz kerak", - deydi Abbos No'yon.
Pokiston energetika bobida katta muammolar bilan yuzlashmoqda. Kuchli va osoyishta rishtalar nafaqat taranglikni yumshatishga, balki mintaqaviy resurslar yordamida qo'shma loyihalarni amalga oshirib, xorijiy moliyaviy yordamga tobelikdan xoli bo'lishga hissa qo'shadi.
Kobul Islomobodni Afg'onistonda jangarilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblab kelgan. Afg'oniston rasmiylariga ko'ra, Pokiston armiyasi janubda, chegara hududdagi to'qnashuvlarda jangarilarga madad berib kelmoqda.
Afg'onistonning iste'foga chiqayotgan Prezidenti Hamid Karzay AQShni ham aybladi. Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda tinchlik bo'lishini istamagan, o'z manfaatlari ketidan yurgan, xolos.
Pokiston qo'shni mamlakat iddaolarini inkor etib, ularni assosiz degan. Islomobod ham javob ayblovlari bilan chiqdi. Unga ko'ra, Kobul Pokiston chegarasiga hujum qilib, Afg'onistonga qochib o'tgan pokistonlik jangarilarga boshpana bergan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Tasnim Aslamning aytishicha, Islomobod yangi afg'on rahbariyati bilan til topishib, aloqalar kuchayishidan umidvor.
"Afg'onistonda saylov jarayoni xulosalarini olqishlaymiz. Bu mamlakatda barqarorlikning yangi davri boshlanyapti degan umiddamiz. Yangi rahbariyat bilan aloqadamiz, yaqindan hamkorlik qilishni istaymiz. O'ylaymizki, Afg'onistonda jon saqlayotgan terrorchilarni Pokistonga topshirish va chegarada hujumlarga chek qo'yish xususida kelishib olamiz", - deydi Tasnim Aslam.
Tolibon Afg'onistonda hokimiyatni qo'lga olganida Pokiston uni tan olgan uch davlatdan biri edi. So'ng AQSh harbiy harakatlari tufayli toliblar hokimiyatdan ag'darildi, ba'zi rahbarlari qo'shni Pokistonga qochdi.
Afg'oniston va AQSh harbiy qo'mondonlari nazarida Islomobod terrorga qarshi kurashda Amerika bilan hamkorlik qilayotgan bo'lsa ham uning razvedkasidagi ayrim kuchlar hali ham Tolibonni qo'llab-quvvatlamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5