Afg’oniston markaziy hukumati siyosiy faollar bosimi ostida. Hukumatga nisbatan tanqidlar kun sayin oshib bormoqda. Iddao shuki, Prezident Ashraf G’ani barcha vazirlar, hokimlar, mustaqil idoralar vakolatlarini cheklamoqda. Hukumatni isloh qilish, siyosatchilarga qarshi uyushtirilayotgan fintalar kabi omillar bir necha koalitsiya tashkil qilinishiga sabab bo’lgan.
Balx viloyati hokimi va “Islomiy Jamiyat” partiyasining ijrochi raisi general Ato Muhammad Nur Turkiyadan vatanga qaytdi. Anqara shahrida u afg’on siyosatchilari bilan ushrashib, “Afg’onistonni Qutqarish” deb nomlangan siyosiy birlashma tuzishda qatnashgan.
Ushbu koalitsiya, deydi hokim, yaqin orada keng ko’lamli yig’ilish bilan o’z ishini boshlaydi.
Ato Muhammad Nur so’zlariga ko’ra, maqsad hukumatni ag’darish emas, askincha, tizimni saqlab qolish, uni isloh qilish, ijtimoiy adolat va siyosiy ishtirokni ta’minlashdir.
“Biz o’zimiz uchun hech narsa talab qilayotganimiz yo’q, xalq qiyinchiligini hal qilishga urinmoqdamiz. Harbiy, iqtisodiy, ma’muriy, barchaning hukumatda ishlashi bo’yicha loyihalarimiz bor. Hammaning haq-huquqi ta’minlanishini xohlaymiz”, - deydi general.
U siyosiy koalitsiyani tuzish muzokaralari xorijda o’tkazilganini Vitse-prezident Abdul Rashid Do’stum bilan bog’liq ba’zi to’siqlar sababchi bo’lgani bilan, shuningdek, Afg’onistonda lozim sharoitning yo’qligi bilan izohaydi.
Turkiyaga davolanish uchun ketgan general Do’stum vatanda jinsiy zo’ravonlikka doir ayblovlar bilan yuzlashmoqda. Sobiq gubernator Ahmad Ishchi Do’stumning odamlari uni tahqirlagani yuzasidan ish ayni paytda sudga oshirilgan.
General Ato Muhammad Nur nazarida, Ahmad Ishchining Do’stumga qarshi ochgan huquqiy da’vosi siyosiylashtirilgan.
Sal avval AQSh va Yevropa Ittifoqi bu ish tez orada xolisona ko’rib chiqiladi, deya bayonot bergan edi. “Xorijiy davlatlar Afg’oniston ichki masalalariga aralashmasin”, deya javob beradi Ato Muhammad Nur.
“Biz xorijiy sheriklarimiz haddan tashqari bizning ishimizga aralashmasligini so’raymiz. Afg’onlarni o’z holiga qo’ysinlar. Bizning siyosiy birlashmamiz borasida ham noto’g’ri gaplar aytmasinlar. Biz siyosiy fitnalarni rad etamiz va bunday narsalardan qo’rqmaymiz ham”, - deydi Balx hokimi.
“Afg’onistonni Qutqarish” koalitsiyasi a’zosi mazkur siyosiy jarayon ortida xorijiy davlatlar turibdi, degan mish-mishlarni rad etadi.
“Bu jarayonni o’zimiz olib borayapmiz. Hech bir xorijiy davlatning xizmatchisi emasmiz. Bundan buyon ham o’zimiz ishlarini olg’a olib boramiz. Lekin, agar hukumat isloh bo’lmasa, hukumatda xudxohlik davom etsa, xalqimizni qutqarish uchun yordam bermoqchi bo’lganlarning ko’magini rad etmaymiz”, - deydi hokim.
Ayni damda sobiq hukumat a’zolarining ayrimlari Kobulda yig’ilib, “Mehvari Mardumi Afg’oniston” nomli siyosiy muxolifat guruhini ochganlar.
Muxolifat a’zolari nazarida markaziy hukumat davlat imkoniyatlaridan noto’g’ri foydalanayapti.
“Hukumat imkoniyatidan foydalanib, norozi namoyishchilarni nishonga oldilar. Bunday qo’pol harakat Afg’oniston yaqin tarixida uchramaydi”, - deydi sobiq milliy xavfsizlik maslahatchisi doktor Rangin Dodfar Spanta.
“Toliblar, terroristlar kuchli, hukumat esa zaiflashgan”, - deya qo’shadi yangi muxolifat a’zolaridan biri Amir Muhammad Oxunzoda.
“Mehvari Mardumi Afg’oniston” harakati mahalliy va prezident saylovlari tayinlangan vaqtida o’tkazilishini ta’kidlaydi.