Ali Jaloliy: O’zbekiston Afg’oniston kelajagi uchun qayg'urayapti

Ali Ahmad Jaloliy, Afg'oniston sobiq ichki ishlar vaziri, Frederik Starr, Jons Xopkins Universiteti, Markaziy Osiyo-Kavkaz Instituti rahbari

Afg’oniston sobiq ichki ishlar vaziri Ali Ahmad Jaloliyning aytishicha, bugun afg’on politsiyasi va armiyasiga ishonsa bo’ladi. 2014-yilda prezident saylovlari o’tib, xalqaro qo’shinlar ketganidan keyin muhimi rejim qulashiga yo’l qo’ymaslik, deydi u. Faqat boshida ikki-uch yil qiynalamiz, dedi Jaloliy yaqinda Vashingtonda o’tgan forumda.

Your browser doesn’t support HTML5

Ali Jaloliy Afg'oniston politsiyasi, O'zbekiston bilan aloqalar, Tolibon haqida/Nasiba Tohir


Ali Ahmad Jaloliy 2003-2005-yillarda Afg’oniston Ichki ishlar vazirligini boshqargan. Tajribali harbiy, olim, tahlilchi, uzoq yillar “Amerika Ovozi”ning Afg’on xizmatida faoliyat ko’rsatgan.

Poytaxt Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida so’zlar ekan, Jaloliy xavfsizlik kuchlari bugun ishonchga loyiq, dedi.

“Vaqt jangarilar tarafida degan fikrga qarshiman. Afg’oniston armiyasi va politsiyasida 2009-yilda jiddiy ijobiy o’zgarishlar ro’y bera boshlagan. Ungacha xavfsizlik kuchlari betartib edi. 2004-2005-yillarni misol qilib oladigan bo’lsak, Ichki ishlar vazirligining byudjeti yiliga 127 million dollarni tashkil etar edi. 2009-yildan beri, AQSh yordami bilan armiya va politsiyani mashqdan o’tkazish uchun oyiga bir million dollar sarflanadi”, - deydi Jaloliy.

Afg’on milliy xavfsizlik xizmatlarida bugun 325 ming kishi bo’lib, tez orada 350 mingga chiqishi kutilmoqda. Kasbiy jihatdan qurolli kuchlar bugun o’sgan. Jaloliyning aytishicha, 2005-yilda afg’on armiyasi jangovar amaliyotlarda sust ishtirok etgan bo’lsa, bugun ular bu operatsiyalarning muhim qatnashchilari. Amaliyotlarning 80 foizi mahalliy harbiylar zimmasida.

Katta-katta hududlarni qo’ldan boy bergan toliblar jang maydonida mag’lub bo’ldi. Shu bois ham ular yakka hujumlarga, o’zini portlatish kabi taktikaga o’tgan, deydi sobiq rasmiy.

“Yaqinda Afg’onistonda, Qandahorda bo’lib qaytdim. Arg’andobda, masalan, to’rt yil oldin odamlar qimir etolmasdi. Bugun fuqarolar xavfsizlikni o’z qo’liga olgan, mahalliy politsiyani mustaqil ravishda oyoqqa turg’izdi ular. Lekin bu yutuqlarni saqlab qolish uchun xalqaro hamjamiyat 2012-yil Tokio sammitida bergan va’dalariga sodiq qolishi, afg’on harbiylarini qo’llab-quvvatlashi kerak”, - deydi mutaxassis.

2014-yilning 5-aprelida Afg’onistonda prezident saylovlari o’tadi. Yangi hukumat oldida nihoyatda mushkul vazifalar turibdi, deydi Jaloliy.

“Shu paytgacha afg’on hukumati juda qulay hayot kechirayotgan edi: xavfsizlikni xalqaro qo’shinlar ta’minladi, toliblar bilan koalitsiya jang qildi, moliya ham chetdan yetib keldi. Lekin 2014-yildan keyin ahvol butunlay o’zgaradi. Xalqaro kuchlarning ko’pi chiqib ketadi, xorijdan kelayotgan mablag’ ham kamayadi, xalqaro hamjamiyat e’tibori susayadi”, - deydi Jaloliy.

Shunday ekan, Afg’oniston prezident saylovlariga tayyormi? Sobiq vazir so’zlariga ko’ra, umid bor, xohish bor. Saylov komissiyasi xolis ishlashi, xalqaro qo’shinlar va donorlar madadi muhim, deb hisoblaydi u.

“To’g’ri, Tolibon alohida xurujlarni amalga oshirib, jarayonga halaqit berishga urinishi aniq. Yaxshiki, 2014-yilning apreligacha mamlakatda 30 ming kishilik xorij askarlari xizmatda bo’ladi. Mahalliy armiya ham kun-sayin kuchga to’lib borayapti”, - deydi Jaloliy.

Afg’oniston yalpi ichki mahsulotining 50 foizi xizmat ko’rsatish sektoriga to’g’ri keladi. Jaloliy hisobicha, xalqaro qo’shinlar ketganidan keyin bu raqam 20 foizga qisqarishi ehtimoldan xoli emas. Ish o’rinlari kesilar ekan, mamlakatni tark etishga qaror qilayotganlar kam emas. Afg’oniston vazirliklarining yarmi xalqaro tashkilotlar madadi hisobiga kun ko’radi. Mablag’ qisqarsa, bu nafaqat Kobul, balki butun mamlakat bo’ylab aks-sado beradi, deydi afg’onlar. Natijada Afg’onistondan bosh olib ketadigan migrantlar og’irini kim ko’tarishi ham muammo, deydi ular. Jaloliy buni tan oladi, lekin:
Yaqinda O’zbekiston harbiylari bilan muloqot qilgan edim. Ular 2014-yildan keyingi ahvolni 1991-yil bilan qiyoslayapti. Sharoit shu qadar yomonlashadiki, chegaraga ko’proq qo’shin tortish kerak, degan takliflar bor. Holbuki, bugun vaziyat mutlaqo o’zgargan.

“Albatta ish joylari kamayib, kimlardir ketishni afzal ko’radi. Biroq bugun xalqaro tashkilotda haydovchilik qilayotgan afg’on shifokorlari bor. Ular vatanda qolib, o’z kasbida ishlashga qaror qilishi aniq. Oddiy ishchi bo’lib yurgan muhandis Kobulga borib kasbiga qaytishni ma’qul ko’radi. Sharoit sal o’ziga kelgunicha ikki-uch yilcha ketadi. Undan keyin hozir rejalanayotgan katta-katta loyihalar amalga oshirila boshlaydi. Birgina temir yo’l loyihasini oling, taxminlarga ko’ra, 40 ming ish o’rnini ta’minlab beradi. Konchilikda 50 ming ish joyi yaratilishi mumkin”, - deydi sobiq rasmiy.

Ali Jaloliyning afsus bilan e’tirof etishicha, qo’shni davlatlar Afg’oniston haqida eski qarashlar bilan yashayapti. Xavfsizlik, ijtimoiy hayotdagi yutuqlar e’tibordan chetda qolayapti.

“Yaqinda O’zbekiston harbiylari bilan muloqot qilgan edim. Ular 2014-yildan keyingi ahvolni 1991-yil bilan qiyoslayapti. Sharoit shu qadar yomonlashadiki, chegaraga ko’proq qo’shin tortish kerak, degan takliflar bor. Holbuki, bugun vaziyat mutlaqo o’zgargan”, - deydi Jaloliy.

O’zbekiston Afg’oniston kelajagini o’ylab qayg’uryapti, deya ta’kidlaydi u.

“Ikkisi qo’shni ekan, O’zbekiston xavotiri o’rinli, chunki Afg’onistonda ekstremistlar qo’li baland kelsa, bu O’zbekistonga ham xavf solishi aniq. Shunday ekan, O’zbekiston Afg’onistonda barqaror va osuda hayot qaror topishini istaydi. Afg’oniston va xalqaro hamjamiyat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va O’zbekiston bilan hamkorlik nihoyatda muhim”, - deydi Afg’oniston sobiq ichki ishlar vaziri Ali Ahmad Jaloliy.