2014-yilda barpo etilgan “Milliy birdamlik” hukumatida hozirgacha kelishuv yo’q. Qonli to’qnashuvlar, xudkush-portlash hujumlari va o’zaro tortishuvlar sabab vaziyat qaltis. Iqtisod og’ir. Aholi orasida norozilik kuchli. Hukumat xalq va siyosiy guruhlar bosimi ostida. Islohotlar qilish kerak, lekin rahbariyatda buning uchun iroda yo’qdek.
Afg’oniston tarqoq. Namoyishlar va norozliklarning qavmiy tus olishi vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Siyosiy barqarorlikka putur yetkazadi. Siyosiy faollar nazarida, bu juda xavfli omildir.
Faryobdan Hamidulla O’zturk fikricha, mamlakat ortga qaytmoqda. Bir qavmning siyosiy faolligi oshsa, boshqasi bundan tashvishda.
Hamidulla O’zturk pashtunlarni misol keltiradi. Ularni muayyan xalq deb ataydi.
“Toliblar qaytdi. DAISh paydo bo’ldi. Bularning hammasi muayyan bir xalqning qudratda qolishi uchun urinishdir”,- deydi O’zturk.
Suhbatdoshga ko’ra, muammolarning ulkan bir qismi o’tmishdagi vaziyat va voqealar bilan bog’liq. Hozirgi rahbarlar kelajakni qanday qurish haqida bir fikrda emas.
“Agar rahbarlar eng so’nggi imkoniyatdan foydalanmoqchi bo’lsalar, bir millat sifatida o’ylashlari kerak. Sahnadan bir-birini o’chirishga harakat qilmasligi zarur”,- deydi O’zturk.
Yevropada “Milliy Junbish” partiyasi vakili doktor Abdulla Rahimiy nazarida Prezident Ashraf G’anining miyasini chalg’itayotganlar unga yaqin odamlardir. Bunday bir vaziyatdan mintaqa josuslik xizmati ham unumli foydalanmoqda. Tinchlikni buzishga urinmoqda.
“Afg’onistonda “Milliy birdamlik” hukumati tashkil qilinayotganida hamma umidvor edi. Mamlakatda tinchlik ta’minlanadi degan umid bor edi. Lekin qudratning bo’linishi bilan muammolar ortdi. Rahbarlar milliy qaror chiqarishga zaiflik qildi”,- deydi Rahimiy.
Rahimiy fikricha hukumat o’z burchini unutib qo’ygan.
“Norozi namoyishchilarni nishonga olish, ularni qatl qilish nihoyatda mantiqsizlikdir”, - deydi suhbatdosh.
“Hukumatdagi ba’zi odamlar namoyishchilarni nishonga olish uchun vazifalantirilgan. Ular terror hujumlarini uyushtirayotgan odamlar bilan aloqada. Hatto b’azi deputatlarning ham qo’li borligi aytilgan. Lekin hukumat bularga e’tibor bermadi. Bu hukumatning zaifligini ko’rsatadi. Vaziyat shunday davom etsa, yana qanchadan qancha guhonsiz odamlar nobud bo’lishi oddiy hol”,- deya da’vo qiladi Rahimiy.
Yevropada hayot kechirib, xorij matbuotini kuzatib borayotgan Rahimiy deydiki, G’arbda afg’on hukumatiga nisbatan nafrat uyg’ongan.
Tahlilchi Asadulla Nadimga ko’ra, agar vaziyat shundayligicha davom etsa, natija va istiqbol uchun faqat hukumat rahbariyati mas’ul.
“Vaziyatni yaxshilashning yagona yo’li shuki, hamma tomonlar yig’ilib muzokara qilsinlar. Milliy manfaatni shaxsiy manfaatdan ustun bilsinlar. Afg’oniston inqirozga duch kelishiga juda oz qolgan, buni Prezident G’ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla boshqarishi kerak”,- deydi Nadim.
Tahlilchi nazarida, agar vaziyat buzilsa, bundan faqat isyonchi guruhlar manfaatdor bo’ladi. Zararni esa oddiy xalq ko’radi.
“Agar mamlakatda urushlar boshlansa, bu martba Afg’oniston butunlay vayron bo’ladi. Najot topa olmaydi. Afsuski, so’nggi kunlardagi ahvol 1991-yilgi kabu ichki urushlar boshlab ketishi ehtimolini kuchaytirmoqda”,- deydi Nadim.
“Milliy Junbish” partiyasi vakili Rahimiy vaziyatni boshqarish uchun hukumatga o’tkazilayotgan ichki va xorijiy bosimlar natija berishiga umidvor. Hukumatdan norozlik jahon e’tiborini tortishi tabiiy, deydi u.
Boshqa tomondan, deydi tahlilchi Asadulla Nadim, hukumat xalqning barcha savollariga, qonuniy istaklariga javob berishga majbur.
“Afg’nistonda vaziyatni tartibga solishda BMTning roli juda zaif. Lekin AQSh, Yevropa Ittifoqi va NATO qo’li baland”,- deydi Nadim.