Afg’onistonda xalqaro tashkilotlar va ayrim kompaniyalar o’z xavfsizligini ta’minlash uchun shu paytgacha xususiy kompaniyalardan foydalanar edi.
Kelasi oydan boshlab bu faoliyatga chek qo’yiladi. Bundan buyon shaxsiy xavfsizlik xizmati kerak bo’lsa, Afg’oniston Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Afg’on xususiy muhofaza kuchlariga (Afghan Private Protection Force) murojaat qilish lozim.
Prezident Hamid Karzay mamlakatda ko’p sonli xususiy qo’riqchilik firmalarining faoliyat yuritishiga oldindan qarshi edi. Uning aytishicha, bunday muassasalar ko’p hollarda Afg’oniston qonunlariga bo’ysunmaydi va ular hatto ayrim guruhlarning xususiy armiyasiga aylanib ketishi ehtimoli bor.
Karzay bu faoliyatga chek qo’yishga qaror qildi. Uch oy oldin e’lon qilingan yangi qarorga ko’ra, xususiy xavfsizlik firmalari xizmatidan foydalanib kelayotgan tashkilot yoki shaxslar 90 kun ichida qo’riqchilarini Ichki ishlar vazirligiga qarashli Afg’on xususiy muhofaza kuchlari bilan almashtirishi kerak. Shunday qilib, mart oyi oxirigacha mamlakatdagi 50 dan ortiq xususiy xavfsizlik kompaniyalari faoliyati tugatilib, ularning 10 mingdan ziyod xodimlari davlatga qarashli yangi idoraga o’tkazilishi yoki umuman iste’foga chiqarilishi kutilmoqda.
NATOning Afg’onistondagi kuchlari matbuot kotibi general Karsten Yakobson fikricha, afg’on hukumatining ushbu qarori olqishga sazovor, chunki u 2014-yilgacha mamlakat xavfsizligini mahalliy kuchlar qo’liga topshirish jarayonida muhim bosqich vazifasini o’taydi.
“Afg’on xususiy muhofaza kuchlari hozir taraqqiyot loyihalari, xorijiy tashkilotlar va bizneslar xavfsizligi uchun mas’uliyatni zimmasiga olmoqda. 2013-yilning martigacha koalitsiya qo’shinlariga qarashli barcha bazalar va qurilish ob’yektlari xavfsizligini ta’minlash mana shu yangi afg’on kuchlari qo’liga o’tishi rejalangan”, - deydi general.
Xizmat ko’rsatish bepul emas. Kompaniyalar va Ichki ishlar vazirligi o’rtasida bir necha oydan buyon yangi tizimning qanday ishlashi va to’lovlarni amalga oshirish haqida muzokaralar davom etmoqda. AQShning “DAI” (Development Alternatives Incorporated) nomli tashkiloti yaqinda xavfsizligi ta’minotini yangi tizimga o’tkazdi. “DAI” Afg’onistonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) bir qator loyihalarini amalga oshiradi.
Kompaniya vakili Stiven Okonnorning aytishicha, tashkilot Afg’oniston bo’ylab ko’plab ofis va binolarda xorijlik ishchilari xavfsizligini ta’minlash uchun qo’riqchilar xizmatidan foydalanadi.
"Ichki ishlar vazirligi xizmatiga o’tilgani bilan ishda deyarli o’zgarish bo’lgani yo’q, hatto o’z qo’riqchilarimizni saqlab qoldik, - deydi u.
“Endi Afg’on xususiy muhofaza kuchlari bilan shartnoma tuzamiz. Ishlaydigan odamlar o’sha-o’sha. Faqat ular vazirlikka borib ro’yxatdan o’tib kelishi kerak. Ular endi boshqa nom ostida biz uchun ishlaydi”, - deydi Okonnor.
“DAI” ilgari “Edinburg International” nomli xususiy xavfsizlik kompaniyasi xizmatidan foydalanar edi. “Edinburg International” bundan buyon ham maslahatchi sifatida kompaniya bilan hamkorligini davom ettiradi. U endi Afg’on xavfsizlik xizmatidagi qo’riqchilarning malakasini oshirishda yordam beradi.
So’nggi o’zgarishlar mahalliy aholi orasida Amerikaga qarshi kayfiyat kuchayib borayotgan paytga to’g’ri kelmoqda. AQSh askarlari tomonidan Qur’on nusxalarining yoqilishi va tinch aholining bir askar tomonidan o’qqa tutilishi kabi ko’ngilsiz voqealar afg’onistonliklar orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqardi.
Ba’zi xorijiy tashkilotlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladigan qo’riqchilar xususiy firmalar darajasida sifatli xizmat ko’rsata olmasligidan xavotirda. Mahalliy qo’riqchilarga xavfsizlikni ishonib topshirib bo’lmasligidan bezovta bo’layotganlar ham bor. Tashvish uyg’otayotgan yana bir holat shuki, bundan buyon tashkilotlar davlatning korrupsiya va poraxo’rlik aralashgan organi bilan ish olib borishga majbur. Xizmat uchun to’lanadigan haqlar ham sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.
Okonnor yangi tizimning muvaffaqiyatli ishlashidan umidvorman, ammo shu bilan birga xavfsizlik nuqtai nazaridan ehtiyot bo’lish kerak, deydi.
“Xavfsizlikni ta’minlash uchun yangi tizim yaramaydi deb o’ylaganimizda, hozir bu yerda bo’lmagan bo’lardik. Shu bilan birga, bu hali sinovdan o’tmagan chora, ya’ni endi boshlanyapti. Uning oldingidek ishlashiga ishonch hosil qilishimiz uchun juda hushyor turishimiz kerak”, - deydi Okonnor.
Agar yangi tizim ilgarigidek xavfsizlikni ta’minlab bera olmasa, xalqaro yordam tashkilotlari Afg’onistonni tark etishga majbur bo’ladi. Bu degani, Afg’oniston chetdan kelayotgan ko’p milliard dollarlik yordam pullaridan mosuvo bo’ladi.