Afg’oniston shimolidagi Sari Pul viloyati Mirzo O’lang hududida jangarilar hujumi natijasida o'lganlar soni oshib bormoqda. Rasmiylarning qayd etishicha, Tolibon va DAISh birgalikda hududni bosib olgan. Odamlar shafqatsizlarcha qatl qilingan.
Your browser doesn’t support HTML5
Mirzo O’langda 230 nafar asir ozod etilar ekan, hukumat hududni qaytarib olish uchun qo’shimcha kuch jo’natgan. Prezident Ashraf G’ani armiya va politsiyaga mamlakatning qayerida bo’lmasin, isyonchilarni nobud qilishni buyurgan.
Prezidentga ko’ra, jangariylar urush strategiyasini o’zgartirgan.
Shia-hazoralar yashovchi Mirzo O’lang vodiysi 5-avgustdan beri Tolibon nazoratida. Tolibon mahalliy fuqoralarni otib o’ldirgan, ayrimlarning boshini tanasidan judo qilgan.
O’zini Tolibon so’zlovchisi deb tanishtirayotgan Zabihulla Mujohid oddiy odamlar o’ldirilganini rad etib, ularning harbiylar ekanini da’vo qiladi. U hudud DAISh hamkorligida o’rab olinganini ham inkor etadi.
Sari Pul hokimi Zohir Vahdatning matbuotga bildirishicha, isyonchilarni Mirzo O’langdan quvib chiqarish uchun tayyorgarlik ko’rilmoqda.
Hokim fojia yuz berishi ehtimoli yuzasidan oldinroq markaziy hukumatni ogohlantirganini, yordamchi kuchlarning o’z vaqtida yetib kelmagani bois jangarilar shaharchani bosib olishga muvaffaq bo’lganini aytadi.
“Isyonchilarni nobud qilish uchun zarur qarorlar qabul qilinar ekan, bu qarorlar amalda tatbiq qilinishini kutyapmiz”, - deydi Vahdat.
Janglar natijasida 500 ga yaqin oila uy-joyini tark etishga majbur bo’lgan. Hukumat jabrlanganlar uchun zarur ko’mak yetkazishga harakat qilyotganini bildiradi.
“Yordamlar yetarli emas. Markaziy hukumat va xorijiy tashkilotlardan jabrlangan oilalarga gumanitar yordam yetkazishni so’raymiz”, - deydi Sari Pul hokimi.
Uning aytishicha, Mirzo O’langdagi urush yakunlanmaguncha, kelgan yordamchi harbiylarga bu viloyatni tark etishga ruxsat berilmaydi.
Afg’oniston inson huquqlari tashkiloti Mirzo O’langda toliblar urush jinoyatlariga qo’l urganini bildiradi. Jinoyat xalqaro tashkilotlar ishtirokida ko’rib chiqilishi kerak, deydi tashkilot rasmiylari.
Sari Pul aholisi markaziy hukumatdan xavfsizlikni ta’minlashni so’raydi.
“Bu qanday davlat? Biz davlatdan kafan, tobut so’ramaymiz, xavfsizlikni ta’minlasin”, - deydi yaqinda Mirzo O’langdan Sari Pul shahriga qochib kelgan fuqarolardan biri.
Kuzatuvchilarga ko'ra, isyonchilarning oddiy odamlarni o’ldirgani dinga zid. Malumki, Toliblar va DAISh shariatga asoslangan davlat qurishga urinayotganini ta’kidlab keladi.
“Tolibon va DAIShning islom dini uchun kurashayapmiz degan iddaosi yolg’on gap. Begunoh insonlarni qatl etish islomda joiz emas. Dinimizda o’z g’oyasi uchun yomon yo’ldan borish man qilingan. Dahshat, qo’rquv solib hukumat qilish hech bir dinda yo’q”, - deydi tahlilchi Asadulla Nadim.
Suhbatdoshga ko’ra, tinchlikni ta’minlash uchun avvalo hukumat mas’ul. Hozirgi muammolarning aksariyati hukumatdagi adolatsizlik, millatchilik, poraxo'rlikga borib taqaladi. Mavjud adolatsizlik odamlarni hukumatdan uzoqlashtiradi, hukumatga qarshi isyon ko’tarishiga sababchi bo’ladi, deydi tahlilchi.
“Davlat agar ishlarini adolatli bajarsa, odamlar hukumatdan uzoqlashmaydi. Hukumat qonunni oyoqosti qilar ekan, askar hayotini xatar ostiga solayapti. Vaziyat yomonlashayotgan bo’lsa, bunda hukumat mas’ul”, - deydi Nadim.