Breaking News

Afg’onistonda o’zbeklar nega jangarilarga qo’shilmoqda?


Shimoliy Juzjon va Sari Pul viloyatlarida o'zbeklar katta sonni tashkil etadi
Shimoliy Juzjon va Sari Pul viloyatlarida o'zbeklar katta sonni tashkil etadi

So’nggi kunlarda Afg’oniston shimolidagi Juzjon va Sari Pul viloyatlarida O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari ancha faollashgani aytilmoqda.

Bu hududlarda asosan o’zbeklar yashaydi. Yoshlarning ekstremistlarga qo’shilib ketishi ehtimoli kuchli.

Sari Pul hokimi Zohir Vahdatning matbuotga aytishicha, O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari Juzjondan Sari Pulga o’tgan.

“Juzjonning Darzob va Qo’shteppa tumanlari notinch bo’lishi bilan, bu ikki tuman bilan chegaradosh Sayyod tumani ham ancha beqarorlashdi. Sayyodning ba’zi hudularida toliblar va ba’zi hududlarida esa, O’zbekiston Islomiy Harakti a’zolari faol. Bundan bir necha vaqt avval ham guruh asoschisi Tohir Yo’ldoshning o’g’li Sayyod tumaniga kelib jangari to’playotgani aytilgan edi. Hozir ham ular shu hududlarda joylashib, o’zlariga jangari to’playotgani aytilmoqda”,- deydi Sari Pul hokimi Zohir Vahdat.

Taxminlarga ko’ra, O’zbekiston Islomiy Harakari jangarilarni tarbiyalash, bomba ishlab chiqarish kabi ishlar bilan band.

Ismi sir qolishini so’ragan Qo’shteppa yashovchisiga ko’ra, bu harakat a’zolari islom dini targ’iboti yo’lidan odamlarni ushbu guruhga qo’shilishga chorlamoqda.

“O’z ko’zim bilan ko’rganman. Bundan ikki yil oldin O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolaridan bo’lgan 10-15 oila Juzjonning Darzob tumaniga kelgan edi. Undan beri ko’paygan bo’lishi ham mumkin. Ular jihod farz degan so’zlar bailn, odamlarni aldashga ulguradi. Shu uchun ham Sari Pul, Juzjon, Faryob va Bodg’isdan kelib, ular safidan turib jang qilayotgan mahalliy yashovchilar bor”,- deydi suhbatdosh.

Lekin son jihatdan rasmiylar va jamoatchilik bir fikrda emas.

Juzjon universitetidan tahlilchi Muhammad Basir Muqimiy o’zbeklarning islomiy harakat safiga qo’shilishiga Ishsizlik sabab ekanini aytadi.

“O’zbekiston Islomiy Harakatiga qo’shilayotgan mahalliy o’zbeklar qashshoq oilalar. Kecha yegudek topsa, ertaga topa olmaydiganlar. Agar hukumat ularga ish o’rinlari yaratib bersa, ular jangari guruhlarga qo’shilmaydi. Chunki o’zbeklar suhdo’st insonlar”,- deydi Muqimiy.

Rasmiylarga ko’ra, Juzjondagi so’nggi janglarda ushbu harakat a’zolaridan bo’lgan ikki jangari halok bo’lgan.

Toilblarning sobiq rahbari Mulla Umarning o’limi e’lon qilingach, O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolari Tolibondan ayrilib, “Islomiy davlat”ga qo’shilgan edi. Shundan keyin boshqa joylardagi a’zolar mamlakat shimolidagi o’zbeklar yashovchi hududlarga ko’chib o’tgan.

XS
SM
MD
LG