Afg'onistonda "Tolibon" yangi hududlarni egallamoqda, Do'stum jangga hozirlanyapti

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda so’nggi haftalarda “Tolibon” harakati hujumlarni kuchaytirib, shimolda uch viloyat hududlarini o’z nazoratiga olgan. Dushanba kuni Saripul viloyatining Ko’histonot tumanini ishg’ol bo’ldi. 10 kunlik janglardan so’ng mahalliy politsiya kuchlari taslim bo’ldi.

Qo’shni Qunduz va Badaxshon viloyatlarida ham toliblar bir necha qishloqda xavfsizlik kuchlarini yengib, harbiy bazani egallagan.

Kelayotgan juma Pokistonda Afg’oniston hukumati va toliblar o’rtasida tinchlik muzokaralarining ikkinchi davrasi boshlanadi.

“Tolibon”ning kuchayayotgani va so’nggi muvaffaqiyatlari Markaziy Osiyoning Afg’oniston bilan chegaradosh respublikalarini xavotirga solmoqda.

Afg’oniston prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmar seshanba kuni Toshkentda bo’lib, terrorga qarshi kurash, xavfsizlikni kuchaytirish, siyosiy munosabatlar xususida gaplashdi.

“Xalqaro kuchlar Afg’onistonni butunlay tark etmay turib O’zbekiston bilan xavfsizlik bo’yicha hamkorligimizni yaxshilamoqchimiz", - dedi Atmar.

O’tmishda toliblarga qarshi samarali kurashgan general Abdul Rashid Do’stum shimoldagi kuchlar tayyorgarligini tekshirish uchun hozir hududda.

61 yashar arbob o’tgan yil sentabridan beri Afg’oniston vitse-prezidenti lavozimida ishlaydi.