2020-yil boshlanishi bilan Tramp ma’muriyati Afg’onistondan askarlarni olib chiqish rejasini yana bir bor bayon qildi. Oq uyga ko’ra, bu davlatda qo’shin sonini qisqartirish Tolibon bilan tinchlik kelishuviga erishish bilan bog’liq emas.
2019-yilda Afg’onistonda kamida 20 amerikalik askar halok bo’ldi. Bu 2014-yil oxirida mamlakatda NATO harbiy amaliyotlarini yakunlaganidan beri eng yuqori ko’rsatkich.
Bu orada, AQSh tarixidagi eng uzoq urushga nuqta qo’yish uchun Vashington Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
O’tgan yilning sentabrida AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod muzokara yakuniy pallaga kirganini e’lon qilgan edi.
“Agar bitimdagi shartlar bajarilsa, to’rt oy ichida AQSh askarlari Afg’onistondagi besh bazani bo’shatib beradi”, - degan edi Halilzod.
Bir necha kun o’tib Prezident Tramp Vashingtonda Tolibon delegatsiyasi bilan muloqot qilishini aytgan. Biroq uchrashuv bekor qilindi.
“Tinchlik muzokaralari rejalangan edi. Ammo Tolibon hujumida bir amerikalik va yana 11 begunoh odam halok bo’lgani haqida xabar kelganidan keyin uchrashuvni bekor qildim. Ular bu hujum orqali kuchini namoyish qilmoqchi bo’ldi, aslida esa kuchsizligini ko’rsatdi. So’nggi to’rt kun ichida biz dushmanga avvalgidan ham qattiqroq zarba berdik”, - dedi o'shanda Tramp.
Tramp so’nggi bor o’tgan yili noyabrda Afg’onistonga tashrif buyurgan. AQShning bu mamlakatda 12 ming sonli qo’shini bor. Prezidentning aytishicha, ularni kamaytirish harbiy amaliyotlarga ta’sir qilmaydi.
“Qo’shin sonini sezilarli darajada kamaytiryapmiz. Bugungi qurollar bilan askarlar oz sonda bo’lsa ham dushmanga katta zarba berish mumkin”, - deydi u.
AQSh Mudofaa vaziri Mark Esperning ta’kidlashicha, afg’on urushiga faqat siyosiy yo’l bilan barham berish mumkin.
“Har qanday kelishuvga ham xo’p deyavermaymiz. Bizga mamlakatimiz xavfsizligini kafolatlaydigan, afg’on xalqiga farovonlik olib keladigan bitim kerak”, - deydi vazir.
Afg’onistonda qo’shin kamayishi haqidagi xabarlar ketidan senator Linzi Grem Kobulga borib, rahbarlar bilan muloqot qildi. Uning aytishicha, Tolibon terrorga qarshi kurashuvchi hamkor bo’la olmaydi.
“Afg’onistonda harbiylarimiz missiyani davom ettiradi. Maqsadimiz - ular sonini mamlakatdagi sharoitga qarab kamaytirish”, - deydi senator.
Kongressmen Maykl Volts fikricha esa Tolibon urushni tugatishdan ko’ra ko’proq kelishuvni e’lon qilishga oshiqmoqda.
“Xavotirim shundan iboratki, toliblar tinchlik kelishuvidan propaganda sifatida foydalanmoqda. Ular g’alaba qozonganini, Amerikaning sabri tugaganini aytmoqda. Tolibon o’z jangchilariga amerikaliklar bir necha yil ichida butunlay chiqib ketadi, demoqda”, - deydi u.
Tolibon bilan kelishuvdan haligacha darak yo’q. 2019-yilning oxirgi haftalarida Tramp ma’muriyati Afg’onistonda qo’shin sonini qisqartirish kelishuvga bog’liq emas, degan bayonot bilan chiqdi. Yaqin orada taxminan to’rt ming askar vatanga qaytishi kutilmoqda.