Afg'onistonda faol ayollarga hujumlar oshgan

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston ayollari

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay 2014-yildan so’ng mamlakatda qoladigan amerikalik askarlar daxlsizligini kafolatlashga tayyor. Faqat bu kuchlar Afg’oniston qonunlari, suvereniteti, hayoti va mol-mulkini e’zozlab, afg’on xavfsizlik kuchlarini tayyorlash bilangina shug’ullanishi kerak, deydi u. Shuningdek, Karzay mamlakat havo nazoratining to’laligicha hukumati ixtiyorida bo’lishini istaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'onistonda ayollar ahvoli, Behzod Muhammadiy


Xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etishga hozirlanar ekan, Vashington va Kobul bu o’lkada qancha harbiy qoldirish xususida muzokara olib bormoqda. Kuzatuvchilar fikricha, muhim masalalar bo’yicha tomonlar allaqachon kelishuvga erishgan.

“Shu shartlar bajarilsa, AQSh harbiy kuchlari uchun huquqiy immunitet berishga va Afg’oniston prezidenti sifatida buni xalqimga tushuntirishga tayyorman”, - dedi Karzay.

Afg’onistonda xavfsizlik hanuz dolzarb muammo bo’lib turibdi. So’nggi hujumlarda viloyat politsiyasi rahbari va ayollar masalalari bo’yicha bir rasmiy o’ldirilgan.

Nimro’z viloyati politsiyasi boshlig’i general Muhammad Musa Rasuliy Hirotdan qaytayotgan payt yo’l chetiga o’rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo’lgan.

Shuningdek, Lag’mon viloyatining ayollar qo’mitasi rahbari vazifasini bajaruvchi Najiya Siddiqiy ishga ketayotgan payt jangarilar tomonidan o’ldirilgan. Siddiqiy lavozimidagi avvalgi rahbar Hanifa Safiy ham iyul oyida bomba hujumi qurboni bo’lgan edi.

Nimro'z viloyati gubernatori so'zlovchisi Sarhadi Zavakning aytishcha, toliblar so'nggi paytlarda hukumat uchun ishlayotgan ayollarni nishonga olmoqda.

"Hukumat muxoliflari qo'rquv uyg'otishga harakat qilmoqda. Hukumat bilan yelkama-yelka birga mehnat qilayotgan ayollarni ishlashdan to'xtatishga urinishmoqda", - deydi u.

"Human Rights Watch" tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, Afg'onistonda ayollar huquqlari borasidagi ahvol achinarli. Davlat ishida ishlovchi yetakchi ayollar, o'quvchi qizlar va uydagi zo'ravonliklardan qochgan ayollar tez-tez jangarilar hujumiga uchrab turadi.

Inson huquqlari faoli Ra'no Nuristoniyning aytishicha, hukumat ayollar xavfsizligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratishi lozim.

"Agar hukumat xavfsizlikni ta'minlay olmasa, faol ayollar o'z faoliyatlarini to'xtatishga majbur bo'lishi mumkin. Natijada ayollar huquqlari borasidagi ahvol yanada yomonlashadi", - deydi u.

Kobuldagi AQSh elchixonasi Siddiqiyga uyushtirilgan hujumni qoralab, marhumaning ayollar huquqi borasida qilgan ishlarini olqishlagan.

Shuningdek, o’g’irlab ketilgan bir amerikalik shifokorni qutqarish uchun kecha o’tkazilgan amaliyotda AQSh askarlaridan biri halok bo’lgan.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, ana shunday zobitlar qahramonligi tufayli Amerika kuchli, ozod va tinchdir. Mudofaa Vaziri Leon Panetta ham amaliyotda hayoti boy berilgan askarni qahramon deya olqishlagan.