Afg‘oniston: Xotin-qizlar katta kuch, lekin e'tibor va hurmat past

Afg'oniston ayollari

Afg‘oniston xotin-qizlar ko’p xo’rlanadigan jamiyatlardan biri. Oilaviy zo‘ravonlikdan tortib, siyosiy to‘siqlargacha. Imkoniyatlar cheklangan. Ayollar hayotini yaxshilash yo’lida ishlayotgan o‘nlab tashkilotlar bor.

Najiba Qurayshiy Juzjon viloyatida shunday muassasalardan birining rahbari. Uning idorasi 34 xodimga ega. Maqsad - ayollar haq-huquqlari bo‘yicha ma’lumot yig’ish va tarqatish, shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik hollarini qayd etish va ularga yordam ko’rsatish.

Tashkilot ta’lim va kasb-hunar yo’nalishida ham ko‘maklashadi. Davlat uzoqni ko’zlab ish yuritmaydi, deya tanqid qiladi u.

“14-15 yilda sarflangan mablag‘ning aksariyati bekorga chiqdi. Ayollar uchun qisqa muddatli loyihalar tuzilgan. Shu muddatda sarflangan mablag‘ bilan har viloyatga bittadan fabrikalar qurilsa edi. Ayollar ish bilan ta’minlanar edi. Ularga doimiy maosh to‘lanar edi”,- deydi Najiba Qurayshiy.

Olis joylardagi ayollarga yordam berish kerak. Savodli bo’lishni xohlaydiganlar juda ko’p. Xotin-qizlar ilmga chanqoq. Katta yoshdagilarning malakasini oshirish lozim.

Hukumat hunarmand ayollarga deyarli madad ko’rsatmaydi. Tikuvchilik, kashtachilik, hatto bog‘dorchilik, chorvachilik bilan mashg’ul xotin-qizlar iqtisodiyotga kattaroq hissa qo’shishi uchun, ko’proq daromad olishi uchun sharoit mavjud emas. Ularning mahsulotini bozorga chiqarish yo’lida hukumat ulkan yordam berishi mumkin.

“Hozirgi ayollar o‘tgan kunlardagi ayollar emas. Hamma narsadan xabardor ayollar. Xotin-qizlar malaka oshirish, tajriba qozonish hamda bilgan narsalarini boshqalar bilan ulashish bo‘yicha ko‘ngilli ishlashga tayyor”,- deydi Qurayshiy.

Bilim olib, kasbli bo’lay degan qizlar ko’p hollarda, ular bilan maslahatsiz, erga beriladi. Azaliy odat shu, deya ularning ezgu orzulari cheklanadi. Hayotidan norozi qiz-juvonlar o‘zini o‘ldirgan hollar ko’p.

Oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashda ilm va kasb, tirikchilik va moliyaviy mustaqillik muhim omillardir.

“Avvallar qizlar aka-ukalaridan ota-onadan qolgan meros haqida so‘ray olmas edi. Meros so‘ragan qiz bilan aloqalarni kesib qo‘yishar edi. Lekin hozir qizlar merosga o‘zlarini haqli deb bilishadi. Tabiiyki, boshda muammo chiqadi”,- deydi Qurayshiy.

Ayollar nazarida hukumat ularning manfaatlariga e’tibor qaratmaydi. Ularni va’da-shior bilan aldashga harakat qiladi.

“Demokratiyada ayollar va erkaklar bir xil haq sohibi ekan, shu narsa amalda tatbiq bo‘lishi kerak. Lekin ayollar o‘zlari ham jim turmasin. Xalqimizda “sendan harakat, mendan barakat” degan maqol bor. Xotin-qizlar ham harakat qilishi zarur”,- Manija ismli o‘qituvchi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Juzjondagi davlat idoralarida ishlaydigan ayollar soni ma’murlarning 31 foizini tashkil etadi. Boshqa viloyatlardan farq qiladi. Hukumat va’dasi shuki, Afg‘oniston bo‘ylab xotin-qizlarga davlat ishlarida 30 foiz o‘rin beriladi.