Xavfli kasallikka qarshi ko'proq mablag' ajratish kerak

  • Amerika Ovozi

Rossiya va Markaziy Osiyo immunitet taqchilligi virusi va undan kelib chiqadigan kasallik keng tarqalayotgan mintaqa hisoblanadi

Shu kunlarda Italiya poytaxti Rimda odam immuniteti taqchilligi sindromi (OITS) masalalariga bag’ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo’lib o’tmoqda.

Unda qatnashayotgan minglab nufuzli olimlar fikricha, ushbu vaboga qarshi kurashda so’nggi paytlarda jiddiy muvaffaqiyatlarga erishilgan. Ammo OITSga qarshi vaksina ustidan tadqiqot ishlari sust.

Ilm ahli nazarida OITS va uni chaqiradigan virusni davolashda antiretrovirus terapiyasining ahamiyati katta. Hozirda bunday muolajani dunyo bo’ylab 6,6 million odam oladi, vaholanki bunday terapiyaga 15 million kishi muhtoj.

Tadqiqotchilar OITSga qarshi kurashni jadallashtirish uchun qo’shimcha mablag’ so’ramoqda.

BMTda bu masala bo’yicha mas’ul Mishel Sidibening aytishicha, muolaja olmayotgani sababli minglab odam nobud bo’lmoqda.

"Har yili 1 million odam jon beradi. 400 ming go’dak virus bilan tug’iladi. Yiliga 2 million odam virusni yuqtiradi. Vaqtida chora ko'rilmagani bois kuniga 5000 odam hayotdan ko’z yumadi”,- deydi u.

Bugungi kunda dunyo bo’ylab 34 million odam immunitet taqchilligi virusi bilan yashaydi. Ularning aksariyati Afrikada bo’lib, bu qit’ada yiliga 2 million odam unga chalinadi. Ko’pchilik bemorlar – ayollar.