Terror xavfi bois Amerika, Britaniya samolyotlarda leptoplarni man qildi

  • Amerika Ovozi

Dubay xalqaro aeroportidan kelayotgan samolyotlar ham taqiqdagi ro'yxatda.

Qo'shma Shtatlar ketidan Britaniya ham Turkiya, Livan, Iordaniya, Misr, Tunis va Saudiya Arabistonidan kelayotgan samolyotlarga leptop, planshet, kamera va boshqa apparatlarni olib kirishni man qildi. Smartfondan katta texnika bundan buyon bagajga topshirilishi kerak.

Tramp ma'muriyati Amerikaga qarshi xurujlarning oldini olish uchun mazkur chorani joriy etdi.

Qo'shma Shtatlarga 10 aeroport, xususan, Qirolicha Aliya aeroporti, Qohira xalqaro aeroporti, Otaturk xalqaro aeroporti, Qirol Abdulaziz xalqaro aeroporti, Qirol Xolid xalqaro aeroporti, Quvayt xalqaro aeroporti, Muhammad V aeroporti, Hamad xalqaro aeroporti, Dubay xalqaro aeroporti va Abu-Dabi xalqaro aeroportidan uchayotgan samolyotlarga bu vositalarni olib kirish taqiqlandi.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayserning aytishicha, razvedka manbalari terrorchilar aviatsiyani nishonga olish harakatida ekanini aniqlagan. Terrorchilar aynan leptop kabi vositalarni ishga solmoqchi, deydi Spayser.

Britaniya hukumati ham shunday cheklovlarni e'lon qildi. Biroq odamlar aeroportda shundoq ham sinchiklab tekshiriladi va yangi choraga hojat yo'q edi, deydi ayrimlar.

Amerika matbuotining yozishicha, "Islomiy davlat" guruhining xuruj sodir etmoqchi ekani haqidagi xavotir AQShni ehtiyot chora ko'rishga majbur qilgan.

Jangarilar, xususan, leptopga sig'adigan bomba ustida ishlayotgani haqida xabarlar bor, deya yozadi "Nyu-York Tayms".

"Ey-Bi-Si" telekanalining bildirishicha, razvedka yil boshida "Islomiy davlat" Amerikaga parvoz qilayotgan samolyotlarga bomba joylashga harakat qilayotganini aniqlagan.