Din

Alyaskaning rus e'tiqodchilari o'z tili va madaniyatini saqlab kelmoqda

  • Amerika Ovozi

Kenay yarimoroli, Alyaska

Alyaska AQShning eng katta, lekin aholisi eng kam shtatlaridan biri. Jami aholi soni 741 mingdan ko'proq: asosan, neft sanoati ishchilari, sayohatchilar, mahalliy alyaskaliklar va muhojirlar. Ular orasida Ko'hna rus e'tiqodchilari degan guruh ham bor. Ular 50 yil oldin Kenay yarimorolida Nikolayevsk degan qishloqqa asos solishgan.

Ko'hna e'tiqodchilar XVII asrda patriarx joriy etgan o'zgarishlar natijasida Rus pravoslav cherkovidan ajralib chiqqan. Shu va shunga mos siyosiy o'zgarish ularni mamlakatni tark etishga majbur qilgan.

"Kommunizm kelganda, boshida yaxshi edi. Lekin ular kulbalarga kelib, hamma narsani olib keta boshladi. Odamlarimiz oilalari katta edi, xuddi hozirgidek. Bolalarni boqish kerak, ular esa hamma narsani olib ketishardi. Hatto ekish uchun kartoshka urug'liklarini ham qopi bilan ko'tarib ketishdi. Odamlar, onalar yig'lashardi, bolalarni qanday boqamiz, deb. Itlarga ber bolangni, yeyishadi, deb aytishardi", - deydi keksa rus ayoli.

Tazyiqlardan qo'rqib, ko'hna e'tiqodchilar Xitoyga qochadi. U yerda ovchilik bilan kun ko'radi.

"Xitoyda tug'ilganman. U yerda bir muddat yashadik. Yana kommunistlar bilan hayot og'irlashdi. Ota-onalarimiz kommunistlardan qochib Rossiyadan Xitoyga borgandi, keyin Xitoydan Braziliyaga, undan so'ng Oregonga kelishgan", - deydi keksa rus ona Irina Fefelova.

Kelganlarning bir qismi Oregonga joylashdi, qolganlari Alyaskaga ketdi. O'sha paytda Fefelovlar oilasida allaqachon yettita bola bor edi. Alyaskada yana to'rttasi tug'ildi.

"Bolalarni tog'larga olib chiqdim, Isoning e'tiqodini saqlab qolish uchun. Chunki bola bola-da, shaharda tentirab yuradi. Bu yerda yashash uchun baliqchilik qo'l keldi. Hammasini boshidan boshlaganmiz, cho'l joylar edi. Keyin amerikaliklar kela boshladi. Tinch, odam kam, mashinalar ham oz; ularga bu yoqadi", - deydi Irina Fefelova.

Alyaskada ular hanuz ko'hna slavyan tilida ibodat qilishadi. Ammo yoshlar ingliz tilini afzal ko'radi.

"Bolalarimiz ruschada yaxshi gapiradi. Oilada biz ham rus tilida so'zlashganmiz. Ammo ularning bolalari ruscha gapirmaydi. Ular oldimga kelib nima xohlashayotganini ayta olmaydi. Qiyin, nabiralarim uchun achinaman. Ibodat qilib bo'lishgandan keyin ularga rohib ingliz tilida hikoyalar o'qib beradi. Chunki bolalar bir so'zni ham tushunmaydi", - deydi Fefelova.

Qishloqda 300 tacha odam yashaydi. Asosiy ish - baliqchilik, ba'zan qayiqlar yasashadi. Nikolayevsk bir paytlar shunisi bilan mashhur bo'lgan.

"100 dan ortiq qayiq yasaganmiz. Hozirgacha yangidek turibdi. Odamlar yangisiga buyurtma berish o'rniga borlarini oldi-sotdi qilishadi. Ba'zan yasab ham turamiz", - deydi Denis Fefelov.

Nikolayevskda ayollar o'zlari tikkan an'anaviy rus kiyimlarida yuradi. Erkaklarda ham soqol va rus yaktaklari. Bunday kiyimlar bu hudud uchun g'ayrioddiy emas.

"40 yildan beri shu yerdamiz. Ayrim sayyohlar ko'ziga kiyimlar g'alati ko'rinishi mumkin, lekin mahalliy aholi bizni biladi", - deydi u.

Braziliyada tug'ilgan Denis Fefelov AQShga 13 yoshida kelgan. U Ko'hna e'tiqodchilarning so'nggi rohibi Kondrat Fefelovning o'g'li. Denis bolalarga cherkov qo'shiqlarini o'rgatadi. Rus tilida ravon gapiradi, ko'hna cherkov slavyanchasini ham biladi. Kechki xabarlarni ingliz tilida tomosha qiladi. Undan fuqaroligini so'raymiz.

"Amerikalikman, albatta", - deydi u.

Ona Irinaning uyida javon to'la diniy kitob. Ayrimlarini marhum eri qo'lda ko'chirib chiqqan. Bir burchakda esa diniy ramz va bezaklar. Sobiq prezident Jon Kennedining ham portreti bor.