Nazarboyev: Afg'onistonda vaziyat yomonlashishi haqidagi xavotirlar o'rinsiz

Qozog’istonda "Osiyo yuragi" nomi ostida o’tgan xalqaro konferensiyada Afg’oniston masalasini hamkorlikda hal qilish bo’yicha deklaratsiya imzolandi.

Your browser doesn’t support HTML5

Almati konferensiyasi, Malik Mansur


“Istanbul tashabbusi” konferensiyasi ishtirokchilari bo’lgan Rossiya, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab amirliklari kabi 14 davlat tomonidan quvvatlangan Almati deklaratsiyasida Afg’onistonni qayta tiklash bo’yicha qator masalalar tilga olinadi.

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Afg’onistonga turli ijtimoiy loyihalar orqali ko’mak ko’rsatish lozimligini ta’kidlab, mintaqa davlatlarini Kobul bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.

Yig'inda AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns ham ishtirok etdi. Nazarboyev bilan o’tgan uchrashuvda ikki o’rtadagi aloqalar va Afg’oniston muhokama qilingan.

Konferensiyada e’tibor ko’proq xalqaro qo’shinlar 2014-yilda Afg’onistonni tark etgandan keyingi davrga qaratildi.

Afg’oniston o’zini tiklab olishiga prezident Nazarboyevning umidi yuqori.

“Xalqaro qo’shinlarning chiqishi mintaqa uchun, bugun turli tadqiqotchilar, siyosatchilar aytayotganidek, jiddiy xavf tug’dirmaydi”, - deydi Qozog’iston rahbari.

Ammo siyosatshunoslar orasida Nazarboyevning bu gaplariga ishonch past.

Qozog’istonlik ekspert Dosim Satpayev nazarida Nazarboyevning bu qarashi qo’shni o’lkalar rahbarlari tomonidna iliq kutib olinmaydi. Chunki aynan O’zbekiston va Tojikiston 2014-yildan keyin mintaqada ekstremizm xavfi kuchayishi mumkinligi haqida ko’p gapirmoqda.

"Nazarboyev ayrim siyosatchilarning Afg’oniston bo’yicha xavotirlari asossiz ekanini ta’kidlab o’tdi. Menincha, bu ko’proq O’zbekiston va Tojikiston tomorqasiga otilgan toshga o’xshash bayonot bo’ldi. Chunki xalqaro qo’shinlar chiqarilishi mintaqada ekstremistik tashkilotlarni jonlantirishi haqidagi xavotirlar aynan O’zbekiston va Tojikiston tomonidan bildirilayotgan edi. Qolaversa, Islom Karimovning Moskvaga qilgan safari ham O’zbekiston rahbariyatining tashvishini namoyish etdi. Shaxsan, Nazarboyevdagi bu optimizm nimaga asoslanishini sezmadim. Umuman, Qozog’iston rahbariyati Afg’oniston tomonidan kelayotgan xavf-xatarni yaxshi anglab yetmayotganga o’xshaydi", - deydi Dosim Satpayev.

Qozog’iston - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo. Bu tashkilotning o’zi Afg’onistondan tahdid keskinlashishi haqida bayonot berib turgan paytda Nazaboyevning bu gaplari biroz g’alati, deydi tahlilchi.

Almati anjumanida ishtirokchilar Afg’onistonni tiklash ishlarida keng qamrovli hamkorlikka tayyor ekanliklarini ma’lum qildi. Prezident Nazarboyev deklaratsiyani Afg’oniston tiklanishidagi "burilish nuqtasi" deya e’tirof etdi.

"Men bu konferensiyaga, umuman, Qozog’istonning Afgo’niston bo’yicha hamkorlikdagi o’rniga unchalik yuqori baho bermasdim. To’g’ri, bu boradagi loyihalar bo’yicha tashqaridan homiylar topishga intilish bor, lekin Qozog’iston rahbariyatining o’zi Afg’oniston muammosi bilan yaqindan shug'ullanmoqchi emas", - deydi Satpayev.

2014-yil oxirigacha xalqaro qo’shinlarning Afg’onistonni tark etishi O’zbekistonni jiddiy xavotirga solmoqda. Toshkentda va Ostonada rasmiylar bilan uchrashgan AQSh delegatsiyasi esa Vashington mintaqa davlatlari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini ta’kidlamoqda.