Global moliyaviy inqiroz AQShda ishsizlar sonini keskin oshirib yubordi. Ammo izlanishlarga ko’ra, o’zi mustaqil ish boshlagan amerikaliklar soni 2007-yildan beri ancha ko’paygan. Ayrim iqtisodchilar nazarida aynan moliyaviy bo’hron odamlarni tadbirkorlik qilishga undamoqda.
Jessi Roch o’z biznesiga ega. Lekin u biror korxonada ishlamaydi. Xizmat yeri mahalliy kafelardan birida. Bahavo joydagi stolni tanlagan. U to’rt oy muqaddam yangi ish boshladi. Hozirga kelib foyda ham ko’ryapti.
“Avvalo, erkin bo’ldim, – deydi Roch. – Ishga istagan kiyimimni kiyaman. Uyquga biroz kechroq yotsam ham, yangi ishimning foydali tomoni ko’p”.
O’z biznesiga ega bo’lishning xavfli tomonlari ham bor.
“To’g’risi, hozir saqlab qo’ygan pulimni ishlatyapman. Ota-onam shundan xavotirda. O’zim ham ertamni o’ylab, vahimaga tushaman”, – deydi Roch.
Jessi Roch notijoriy bir tashkilotda ishlar edi. Shartnomasi tugagach, maoshsiz qoldi. Natijada o’zi mustaqil biznes boshlashga qaror qildi.
“Ishimni yo’qotganimdan keyin ko’p joylarga bordim, rezyumelar jo’natdim, – deydi Roch. – Eskicha uslub bilan hozir shaharda ish topish qiyin bo’lib qoldi”.
Pamela Stro uchun ham ish topish oson bo’lmadi.
“Juda xunobim chiqdi, – deydi u. – O’n oy ishsiz qoldim. Shu o’n oy ichida tashkilotlarga ish so’rab 250 dan ortiq anketa topshirdim”.
Axborot texnologiyalari sohasida doimiy ish qidirar ekan, Pamela Stro mustaqil kompyuter mutaxassisi sifatida faoliyat yuritib, biroz pul ishlashga ham muvaffaq bo’ldi.
“Mustaqil ish boshlashim oson bo’lmadi. Do’stlarim, o’rnatgan aloqalarim, mavjud imkoniyatlar oxiri shunday qaror qabul qilishimga turtki bo’ldi”, – deydi Pamela Stro.
Pamela Stro va Jessi Roch kabi o’z-o’zini ish bilan ta’minlaganlar Amerikada minglab topiladi. AQShdagi Kaufman biznes markazi ma’lumotiga ko’ra, 2009-yilda yangi biznes boshlaganlar soni so’nggi 14 yil ichida eng katta ko’rsatkich bo’lgan.
Barbara Pozner ish qidiruvchilarga yordam beruvchi kichik firmaga rahbarlik qiladi. Uning aytishicha, ish so’rab keluvchilarning aksariyati malakali mutaxassislardir. Ular kamroq maoshga ham ishlashga rozi.
“Ishdan bo’shatilgani yoki majburan kontraktlari erta tugatilgani uchun ular bizga yordam so’rab kelishadi, – deydi Pozner. – Ayrimlari o’z bizneslarini boshlash haqida maslahat ham so’rashadi”.
AQShda o’z-o’zini ish bilan ta’minlayotganlar soni oshib boryapti. Ammo Mehnat statistikasi byurosining ma’lumotiga qaraganda, ular soni u qadar ko’p emas.
Kichik bizneslar ma’muriyati vakili Penni Piket fikricha, iqtisod zaif bo’lgan davrda ham kichik bizneslar yaxshi faoliyat yurityapti.
“Amerikada bugun biz bilgan ko’plab yirik kompaniyalar aynan iqtisodiy qiyinchilik davrida tashkil topgan, – deydi Piket. – Maykrosoftga ahvol og’ir bo’lgan, 1980-yillar boshida asos solingan”.
Jessi Roch uchun boshlagan ishi qiziq. Orzumga erishdim, deydi u.
“Aniq rejam yo’q. Hozircha o’zimni sinayapman. Ish topish qiyin bo’lgan paytda o’zimni amallay olishimni bilyapman”, – so’zida davom etadi Roch.
Bu amerikaliklar xavotir va xavfga to’la yangi hayotga tik boqib, erta-indin yanada omadli kunlar keladi degan umid bilan yashamoqda.