Prezidentimiz Markaziy Osiyoga borsin, deydi amerikalik ekspertlar

Prezident Barak Obama Afg'onistonda, 1-may, 2012

Yaqinda Kongress huzurida Markaziy Osiyo xususida o’z mulohazalarini bildirgan ekspertlar nazarida, Vashington bu mintaqada faol harakat qilishi, har bir mamlakat bilan serqirra hamkorlikni yo’lga qo’yishi zarur. Strategik nuqtai-nazardan juda orqada qolib ketganmiz, deya tahlil qiladi bu olimlar.

Vakillar Palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasida yangragan bayonotlar

Enders Uimbush (Wimbush) yaqingacha AQSh Xalqaro Teleradio Kengashi a’zosi edi. “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” singari axborot vositalari bu agentlikning bir qismi. Uimbush hozirda Marshall Jamg’armasida siyosiy tahlil bo’limi rahbari. Kongress a’zolariga Markaziy Osiyo yuzasidan maslahat berib kelayotgan ziyolilardan.

Uning fikricha, AQSh qisqa muddatli maqsadlar ketidan chopib, ko’p hollarda katta imkoniyatlarni boy beradi. Manfaat ustida qayg’urganda, biz bilan hamkorlik qilishga shay tomonning manfaatlarini ham yodda tutish, ularning asl maqsadi va bugungi qiyinchiliklarini unutmaslik kerak, deydi u. Markaziy Osiyoga nisbatan Amerika olib borayotgan siyosat mana shu xato yondashuvni aks ettiradi. Mintaqa Xitoy, Rossiya, Turkiya, Eron, Pokiston va Hindiston orasidagi bag’oyat muhim bir hudud. Amerikaga tamoman tashqi, zarur bo’lganda kelib ishini bitirishga harakat qiladigan kuch sifatida qarashadi. Vashington region davlatlarini yaqin hamkor bo’lamiz deya ishontira olishi kerak, ana shundagina biror ijobiy o’zgarish yo’lida hissa qo’sha olishimiz mumkin, deydi Uimbush.

O’zbekiston singari davlat bilan Afg’oniston sabab hamkorlik yaxshilangani sir emas, deydi amerikalik olimlar. Ishim bitdi, eshagim loydan o’tdi qabilida ish tutsak, ertaga biror muammo chiqqanida yana ishni boshidan yo’lga qo’yishga to’g’ri keladi.

Ariel Koen (Cohen) Vashingtonda “Heritage” Jamg’armasi deb nomlangan, konservativ siyosatni olg’a suruvchi ilmiy maskanda Yevrosiyo va energetika masalalarida izlanadi. Uning tahlilicha, Amerika mintaqa tabiiy boyliklarini jahon bozoriga osonroq va arzonroq yo’l bilan chiqarishda, yillar o’tibdiki, konkret yordam taklif qila olmadi. Bugun bu ishni Xitoy eplayapti.

AQSh Kongressi, Vashington

Vashington biz faqat hamkormiz, o’yin o’ynamaymiz deb orqada qolib ketdi, deydi u. Amerika istasa, xavfsizlik, iqtisod, demokratiya va boshqaruv bobida birdek muhim rol o’ynay oladi, lekin buning uchun siyosiy iroda yetishmaydi, deydi olim.

Mintaqada, xususan O’zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonda siyosiy organlar yaxshi shakllanmagan, juda zaif.

Amerika shu borada ulkan yordam ko’rsata oladi, ammo muzokaralarda bu deyarli tilga olinmaydigan mavzu, deydi Koen.



Shu kungacha AQShning biror prezidenti shu kungacha mintaqaga bormagan. Borishga fursat yetdi.
Ross Uilson, Atlantika Kengashi
Ross Uilson (Wilson) Turkiyada elchilik qilgan va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotida yuqori lavozimlarda ishlagan.

Bugungi kunda u Vashingtondagi Atlantika Kengashi nomli siyosiy tahlil markazida Yevrosiyo bo’limi rahbari.

Uilson besh konkret taklif bilan chiqmoqda:
  1. Obama ma’muriyati har bir davlat bilan boshlagan yillik maslahatlashuvini davom ettirsin. Faqat xavfsizlik va harbiy emas, huquq va taraqqiyot mavzulariga ko’proq e’tibor qarating. Shu kungacha AQShning biror prezidenti mintaqaga bormagan. Borishga fursat yetdi.
  2. Elchilarning roli va vakolatini oshirish kerak. Shuningdek, Oq Uyda Milliy Xavfsizlik Kengashi qoshida Markaziy Osiyo bilan shug’ullanadigan alohida bir idora ochib, maxsus direktor tayinlash kerak. Hozir bu ish Rossiya uchun mas’ul kishining bo’ynida. Bu xato.
  3. Demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi targ’ibotini kuchaytirishda savdo va sarmoya singari instrumentlardan foydalanish kerak. Samarali biznes va daromad oshkoralik talab qiladi. Chegaralarni ochish, transport va boshqa aloqalarni yaxshilash, axborot oqimini erkinlashtirish singari talablar qo’yadi. Amerika mana shu jihatlarni hisobga olgan holda, yangi strategiya tuzishi kerak.
  4. Yangi Ipak Yo’li deb gap sotishni bas qilib, agar bu loyiha jiddiy bo’lsa, uni amalga oshirish uchun prezident maxsus elchi tayinlasin. Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va xalqaro moliyaviy tashkilotlarni bir davraga to’plab, yangi savdo yo’llarini joriy etish va mavjud yo’nalishlarni rivojlantirish uchun nima qilish kerakligi haqida o’ylasin.
  5. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Markaziy Osiyodagi nufuzini oshirish va AQSh bu borada yordam berishi kerak. Faqat kuzatuvchilik qilmay, bu organ elatlararo mojarolarning oldini olish, iqtisodiy hamkorlik, qoradori savdosiga qarshi kurash va boshqa sohalarda jonbozlik ko’rsatsin, odamlar uning foydasini ko’rsin.
Ross Uilson yana bir muhim faktga e’tibor qaratadi: Amerika Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun juda oz mablag’ sarflamoqda.

Sabablar tushunarli, deydi keksa diplomat, lekin Afg’onistonda milliardlab dollar xarajat qilayotgan ekanmiz, qo’shni mintaqa rivoji uchun sal ko’proq pul ajratsak bo’lmaydimi, ayniqsa AQSh o’zi yuritadigan dasturlarga? 2002-yilda Vashington bu maqsadda 328 million dollar ajratgan. Oradan 10 yil o’tib, kelasi yil uchun hozir ma’muriyat Kongressdan atigi 96 million dollar so’ramoqda. Hamma narsa moliyaga borib taqalar ekan, qonunchilar mintaqada faolroq harakat qilaylik deb bong urishdan oldin hisob-kitobga bir qarab chiqsin, deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Kongress: Markaziy Osiyoda huquq va demokratiya targ'ibotini oshirish kerak/US-Central Asia