Tamaki sanoati markazi bugun tarixiy obida

  • Amerika Ovozi

Chekishga qarshi kurash davom etmoqda

Yarim asr oldin Amerikada keng qamrovli, keskin urush boshlangan. Chekishga qarshi kurash. 50 yildan oshiq vaqt o’tib, sakkiz milliondan ziyod odamning hayoti asrab qolindi. 1964-yilda amerikaliklarning deyarli yarmi chekkan. Bugunga kelib, bu son 18 foizda.

Shimoliy Karolina shtatining Durham shahridamiz. Nufuzli Dyuk universiteti shu yerda joylashgan. Shaharning qoq markazida. Ta’lim bu yerda iqtisodni tebratadi. Yarim asr oldin esa Shimoliy Karolina tamaki makoni edi. Non va tirikchilik shu mahsulotdan edi.

Durham fuqaro urushi paytida tamaki markaziga aylangan. Chekishga talab kuchli edi. Urushdan keyingi yillarda ham talab pasaymadi. Amerika chekishga mukkasidan ketdi. Tamaki biznesi kattalashib, boshqa shtatlarga ham tarqaldi. Ulkan sanoat shakllandi.

Your browser doesn’t support HTML5

Tamaki sanoati markazi bugun tarixiy obida

Your browser doesn’t support HTML5

Tamaki sanoati markazi bugun tarixiy obida

Mahalliy magnat Bak Dyuk o’sha davrda yangi texnologiya tanishtirgan: tamaki o’raydigan mashina. 1890-yilda Amerikada sotilgan sigaretalarning 40 foizi shu yerda ishlab chiqarilgan. Keyinchalik raqib firmalarni ham sotib olib, bu biznes Amerika Tamaki Kompaniyasiga aylangan. Sal o’tmay, AQSh bozoridagi sigaretaning 90 foizi shu kompaniya mahsuloti bo’ldi.

1964-yilgacha amerikaliklarning har bir avlodi uchun chekish zamonaviylik timsoli edi. O’sha yilning 11-yanvarida federal hukumat tamakining salomatlikka zarari haqida katta hisobot e’lon qiladi. Sigareta rak kasaliga yo’llanma, degan mazmunga ega edi bu tahlilnoma. Xalqqa qattiq ta’sir qiladi.

1978-yilda Durhamdagi engi yirik sigareta fabrikasi yopiladi. Amerika Tamaki Kompaniyasining kuni bitadi. Uning qoldiqlari bugungacha yetib kelgan. Sanoat obidalari.

“Yopilgan paytidan boshlab tashlandiq bir joyga aylangan. Jinoyatchilar boshpana topgan yerlar deb yurardik”, - deydi mahalliy mutaxassis Eddi Belk.

Eddi Belk – arxitektor. 2004-yilda uni eski inshootni yangicha majmuaga aylantirish uchun yollashgan. Oldin tamaki sanoati joylashgan maydonda bugun har narsani va har kimni topasiz.

Amerika Tamaki Kompaniyasi, bir paytlar dunyodagi eng yirik sigareta ishlab chiqaruvchi edi. Bugun bu yerda o’sha tarixni o’rganasiz, yashaysiz, bozor qilasiz, ishlaysiz, dam olasiz. Tarixga sarmoya, desak xato bo'lmaydi.

“Yozda stadionlardan odam arimaydi. Mahalliy iqtisodga sezilarli darajada hissa qo’shayotgan hudud. Amerika Tamaki Kompaniyasi binosi va “Lucky Strike” surati tushirilgan minora shaharning ko’rki. Chekish va tamaki ortda qoldi, lekin kelajak o’tmishdan olingan saboqqa asoslangan, deydi bu yerni tebratayotgan tadbirkorlar.