Xalqaro Amnistiya tashkiloti nazarida yopiq jamiyatlarda internet roli oshib borayotgani - ijobiy o’zgarish.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi g’alayonlar bunga yaqqol misol. Biroq global tarmoq ham hujumlar ostida. Xalqaro Amnistiya o’z yillik hisobotida O’zbekistondagi vaziyatni ham yoritgan.
400 sahifalik hisobotda 157 davlatdagi vaziyat tahlil qilinadi. Unda aytilishicha, diktatorlarga qarshi kurashda internetning ahamiyati g’oyat katta va Qo’shma Shtatlar va erkin dunyo internet himoyasida turishi kerak.
Hukumatlar ham bu vositadan o’z maqsadlarida foydalanyotgani, internet yordamida fuqaroni ezish yo’llarini izlayotgani sir emas, deyiladi hujjatda.
Londonda asoslangan tashkilot internet provayderlari, telefon aloqa kompaniyalarini shaxs qadr-qimmati, haq-huquqiga izzat ko’rsatishga chaqirmoqda.
“Odamlar qo’rquvni yenggan”, - deydi tashkilot Bosh kotibi Salil Shetti. “Yoshlar yetakchilikni qo’lga olib, qurollik kuchlar ko’ziga tik boqmoqda. Jasorat, texnologiya va internet razil hukumatlarni yer tishlatmoqda”, - deydi u.
Hisobotga ko’ra, salkam 100 davlatda inson huquqlari poymol qilinib, so’z erkinligi cheklangan. 50 mamlakatda sudlar noxolis, fuqarolar adolatsiz sud qilinmoqda, faollar va jurnalistlarga qarshi bosim, do’pposlash, hibsga olishlar odatiy holga aylangan.
27 million aholisi bor O’zbekiston ana shular jumlasidan. Xalqaro Amnistiya bayonotida fotojurnalist, O’zbekiston xalqi va uning madaniyatini haqorat qilganlikda ayblanib sudga tortilgan Umida Ahmedova, “Amerika Ovozi” O’zbek xizmati muxbiri, o’z maqolalari orqali tuhmat va haqorat qilganlikda hamda jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid solganlikda ayblangan Abdumalik Bobayev taqdiri ham tilga olingan.
Huquq tashkiloti nazarida bu insonlar haqiqatni yoritgani uchun jazolandi.
Bunday tazyiq va bosimga qaramay, qo’rqinch yo’qolib bormoqda. Adolat, erkinlik va hurmat nima ekanini anglagan xalqlar oyoqqa turmoqda va bu jarayonni to’xtatish mumkin emas, deyiladi Xalqaro Amnistiya bayonotida.